x

Bolalar terisi kattalarnikiga qaraganda yupqa va nozikroqdir. Shuning uchun hatto issiq jism yoki suyuqlik bilan qisqa muddatli teginish ham, kuchli kuydirishi yoki terining katta maydoniga zarar etkazishi va oqibatlari jiddiyroq bo`lishi hamda tiklanishi uzoqroq kechishi mumkin. Asoratlarning oldini olish uchun siz tez harakat qilishingiz lozim.

Avval shikastlanish sababini (issiqlik manbaini) bartaraf qiling!

Shikastlangan joyni soviting!

Kichik hajmda kuygan joyni sovuq suv oqimi bilan yoki kamida 10-20 daqiqa davomida sovuq suvga botirish orqali sovitib oling va keyin, agar kerak bo`lsa, tibbiy yordamga murojaat qiling.

Kuyish joyiga sovuq kompresslar qo`llash mumkin, imkon qadar nam steril dokani (30-45 daqiqa mobaynida) qo`yish kerak, lekin muzdan foydalanmaslik lozim! Kuyish yuzasini og`riq to`xtaguncha soviting.

Kiyim va taqinchoqlarni echib oling!

Barcha kiyim va taqinchoqlarni kuygan yuzadan iloji boricha tezroq echib oling. Kiyim va taqinchoqlarni echib olish muhim, chunki ular teri ustida issiqlikni qo`shimcha ravishda ushlab turishi va tananing shikastlangan qismida shish paydo bo`lsa, kuygan joyga qon oqimini cheklashi mumkin. Hech qachon kuygan teridagi yopishgan kiyimlarni kuch ishlatib olib tashlamang, chunki qo`shimcha shikastlanishga olib kelishi mumkin; buning o`rniga shikastlangan joy atrofidagi matoni kesib tashlang yoki chokidan yirting.

Kuygan joyni yoping!

Infektsiya rivojlanishining oldini olish uchun kuygan joyni ehtiyotkorlik bilan steril doka yoki toza mato bilan yoping.

Og`riqni engillashtiring!

Farzandingizga og`riq qoldiruvchi vositalarni faqat shifokor bilan maslahatlashgandan keyin berishingiz mumkin. Agar bola ilgari ushbu dori-darmonlarni qabul qilmagan bo`lsa, allergiya paydo bo`lish ehtimoli bor.

Agar bola behush bo`lsa va unda tiriklik belgilari bo`lmasa, darhol tez tibbiy yordamni chaqirish kerak (103 raqamiga qo`ng`iroq qiling).

Nima qilish mumkin emas?

• Kuygan maydoni katta qismni egallagan kichkintoylarni va yosh bolalarni sovuq suvga solmang, chunki ular ortiqcha sovqotishi mumkin, shuningdek, katta kuygan joylar 5 daqiqadan ko`proq vaqt davomida sovitilmasligi kerak! Kuygan joyga kungaboqar yog`i, sariyog` yoki boshqa yog`larni surtmang!

• Kuygan joylarni ishqalamang, chunki bu shikastlanishni kuchaytirishi mumkin.

• Hech qachon kuygan joyga tegmang yoki hosil bo`lgan pufakchalarni teshmang!

• Hech qachon bolaga qichqirmang va uni xafa qilmang!

• Vahima qilmang, chunki bu bolani yanada qo`rqitadi!

E'tibor bering

 Birinchi darajali kuyishlar (quyoshdan kuyishga o`xshash va terining kichik maydonini qoplaydigan) shifokorga tashrif buyurgandan keyin uyda davolanishi mumkin.

• Katta va og`ir kuyishlar (ikkinchi va uchinchi darajali kuyishlar) shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladi!

Kichkintoylar yoki yosh bolalarda kuyish ro`y bersa, shifokoringiz bilan maslahatlashing!

To Top ↑
To Top ↑