Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi matbuot xizmatining bergan xabariga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 apreldagi PF-101-son Farmoniga asosan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 2022 — 2024 yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarning sohalar kesimidagi «Yo`l xaritasi» tasdiqlangan.
Mazkur «Yo`l xaritasi»ning tegishli bandlariga asosan, mas'ul vazirlik va idoralar oldiga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko`magida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida umumta'lim maktablarini xalqaro standartlar asosida rekonstruktsiya qilish va jihozlash ishlarini tashkil etish bo`yicha zarur vazifalar belgilab berilgan.
Bugun, Samarqand shahrida o`tkazilayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32 yillik yig`ilishida mazkur loyihalarni amalga oshirish bo`yicha Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda YeTTB o`rtasida mazkur loyihalar ijrosiga doir uch tomonlama Texnik yordam berish shartnomasi imzolandi.
Qayd etish lozimki, bu boradagi o`zaro hamkorlik ishlari 2021 yil Toshkent shahrida o`tkazilgan O`zbekiston iqtisodiy forumi doirasida boshlangan edi. Hamkorlik doirasida respublika hududlarida bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklik asosida yangi davlat umumta'lim maktablari faoliyatini yo`lga qo`yilishi, ularga xususiy sheriklar tomonidan xizmat ko`rsatilishi va ta'mirlanishi hamda bugungi kunda faoliyat yuritayotgan davlat umumta'lim maktablarini rekonstruktsiya qilish, qo`shimcha binolar qurish va ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Jarayonning dastlabki bosqichi sifatida Yevropa rivojlanish va taraqqiyot banki mutaxassislari tomonidan grant olish va maslahatchilarni yollash bo`yicha ichki tahlillar o`tkazildi hamda mamlakatimizning Namangan va Farg`ona viloyatlaridagi 15 ta maktab loyihaga qamrab olindi. Loyihaning kapital qiymati 55-75 million AQSh dollarini tashkil etadi.