Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatining bergan xabarlariga ko`ra, Uchtepa tumanida tartibga solinmagan piyodalar yo`lagidan o`tayotgan 12 yoshli bolani Matiz urib yubordi. Bola olgan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda jon bergan.
Ma'lum qilinishicha, shu yilning 16 may kuni taxminan soat 19:00 larda Uchtepa tumani Lutfiy ko`chasida haydovchi 1992 yilda tug`ilgan M.A. ishonch qog`ozi asosida Matiz avtomashinasida harakatlanib, tartibga solinmagan piyodalar yo`lagidan o`tayotgan piyodani urib yuborgan.
Oqibatda piyoda, 2011 yilda tug`ilgan maktab o`quvchisi E.Q. olgan tan jarohatlari sababli shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan.
Mazkur holat bo`yicha Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Tergov davom etmoqda.