Namangan viloyati IIB Axborot xizmati xabarlariga ko`ra, 2023 yil 4 may kuni Yangiqo`rg`on tumanida yashovchi, 1999 yilda tug`ilgan ayol ariza bilan murojaat qilib, shu kuni soat 15:00 dan soat 21:00 gacha bo`lgan vaqt oralig`ida ijara asosida yashab kelayotgan uyda hech kim yo`qligidan foydalangan noma'lum shaxs, hovlisiga devor oshib kirib, xonadagi shkafda bo`lgan narxi 5.000.000 so`mlik ikki dona tilla ziraklarini o`g`irlab ketganligini ma'lum qilib, chora ko`rishni so`ragan.
Yangiqo`rg`on tumani IIB EKM katta eksperti tomonidan voqea joyidan olingan qo`l barmoq izlarini viloyat IIB EKM «shaxsni identifikatsiya qilish» tizimida olib borilgan tekshiruv ishlari hamda tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari natijasida ushbu jinoyatni Yangiqo`rg`on tumanida yashovchi, tumandagi 22-sonli maktabning 7-sinf o`quvchisi, 2009 yilda tug`ilgan qiz ekanligi aniqlangan va daliliy ashyo olingan.