Mahalliy yangiliklar
Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning xabarlariga ko`ra, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 13 yoshli oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchisi uni asrab olgan erkak tomonidan zo`rlangan.
Ma'lum bo`lishicha, 13 yoshli qiz 51 yoshli K.T. ismli erkak tomonidan zo`rlangan. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko`ra, qiz homilador bo`lib qolgan va uning bolasini majburan tushirtirishgan.
Hozirda K.T. Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o`n olti yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 2-qismi va 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Keltirilishicha, uning bu jinoyat ishini ko`rib chiqish jinoyat ishlari bo`yicha Chiroqchi tuman sudida 7 aprel' kuni boshlanadi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko`rilishi) talablariga muvofiq mazkur jinoyat ishi yopiq sud majlisida ko`rib chiqiladi. Qo`shimcha ma'lumot sud jarayoni yakuni bo`yicha beriladi.
Eslatib o`tamiz, kuni kecha Horazmda viloyat Adliya boshqarmasi boshlig`i lavozimida ishlagan Aybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo`limi boshlig`i lavozimida ishlagan Anvar Quryazov viloyat Halq ta'lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari Yu.H. bilan til biriktirib, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini muntazam ravishda zo`rlab kelgan.
Holat Jinoyat ishlari bo`yicha Hiva tuman sudida ko`rib chiqilib, 2022 yil 6 tsentyabrda hukm e'lon qilingan.
Unga ko`ra, 1979 yilda Urganch shahrida tug`ilgan, Horazm viloyati Halq ta'lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bo`lgan Yu.H. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi «a» bandi, 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi «g» bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 1 yilga muayyan huquqdan, ya'ni davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog`liq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
1979 yilda Nukus shahrida tug`ilgan, Horazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig`i lavozimida ishlagan A.M. (Aybek Masharipov) va 1984 yilda Yangiariq tumanida tug`ilgan, Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo`limi boshlig`i lavozimida ishlagan A.Q. (Anvar Quryazov) Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o`n olti yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 128-1-moddasi (o`n olti yoshdan o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 1 yilu 6 oydan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
A.M. va A.Q.ning himoyachisi hamda Yu.H. tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyatlariga asosan ushbu jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko`rib chiqilib, Horazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay'ati apellyatsiya instantsiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimiga ko`ra, jinoyat ishlari bo`yicha Hiva tuman sudining 2022 yil 6 tsentyabrdagi hukmi bilan sudlanuvchilarga nisbatan tayinlangan jazo o`zgarishsiz qoldirilgan.
Keyinchalik Adliya vazirligi holatga munosabat bildirib, xodimning ishdan olingani, endilikda vazirlikka aloqasi yo`q ekanini ma'lum qildi. FVV ham o`z xodimi o`tgan yili tergov ishlari olib borilayotgan vaqtda egallab turgan lavozimidan ozod etilganini aytib chiqdi.
O`zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari o`rinbosari Komil Allamjonov pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qo`llash vaqti kelgani haqida ma'lum qildi. Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo`yicha sho`ba mudiri Saida Mirziyoeva ushbu holatni «xavotirli» deb atab, Bosh prokuratura sinchkovlik bilan tekshiruv o`tkazishi kerakligini ta'kidladi.
Bosh prokuratura tomonidan Horazm viloyatidagi holat bilan bog`liq jinoyat ishi bo`yicha chiqarilgan sud hukmi va appelyatsiya instantsiyasining ajrimlari qonuniyligi o`rganilgan.
29 mart kuni sudlangan A.Masharipov va A.Kuryazovlarga engil jazo tayinlangani va boshqa holatlar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay'ati kassatsiya instantsiyasi sudiga protest keltirilgan.