x

Mahalliy yangiliklar

Qashqadaryo viloyatining G`uzor tumanida istiqomat qiladigan ikki nafar bola vafot etdi. Marhum bolalarning yaqinlari tumandagi vrachlar to`rt yoshli bolakayda kuzatilgan kasallik bo`yicha tashxis qo`ya olishmagan. Natijada u 20 iyun' kuni vafot etgan. Tarqalgan xabarlarda shu oilaga qarindosh bo`lgan yana bir olti yoshli qizaloq og`ir ahvolda jonlantirish bo`limida yotgani qayd etilgandi. Bugun ma'lum bo`lishicha, qizcha ham vafot etgan. Uning oila a'zolari qizaloq bir kun avval ham soppa-sog`dek o`ynab yurganini, bu holat ular uchun kutilmagan holat bo`lganini aytishgan.

“Shunday paytda tuman, viloyat oyoqqa turmaydimi?! Respublikadan mutaxassis chaqirtirmaydimi? Yoki kambag`alning bolasi o`lib ketaveradimi? Qani Prezidentni oldida qo`lini ko`ksiga qo`yib, kerak bo`lsa kasal bolani ko`tarib oladiganday turgan sog`liqni saqlash tizimiz mutasaddilari?” – deya kuyinmoqda norasidalarning yaqini, jurnalist Fazliddin Abilov.

Keltirilishicha, bolakaylarning qanday dardga chalinganini Samarqanddan chaqirilgan mutaxassislar ham aniqlay olishmagan. Vaziyatga munosabat bildirgan Sog`liqni saqlash vazirligi esa holat nazoratga olingani, o`rganish natijalari haqida batafsil ma'lumot berilishini ta'kidlagan. Shuningdek, kecha vazirlik malakali professor-shifokorlardan iborat maxsus tibbiy brigada tuzilib, zudlik bilan G`uzor tumaniga yuborilganini ta'kidlagan. Ammo ularning "tezkorlik" bilan etib borishgani haqida marhumlarning yaqinlari bexabar.

Mazkur xabar barchamizni xushyorlikka, farzandlar salomatligiga befarq bo`lmaslikka chorlaydi. Biz noma'lum kasallik tarqalganini aytib, vahima ko`tarilishini istamaymiz. Ammo tibbiyot xodimlarining bilim va malakasi ana shunday vaziyatda bilinadi. Halq salomatligi ishonchli qo`llarda ekanini bilishi kerak!

To Top ↑
To Top ↑