Mahalliy yangiliklar
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent shahridagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga tashrif buyurdi va bu erdagi sharoitlar bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari internatning o`zida “Saxovat”, “Muruvvat” va “Mehribonlik” uylari hamda maxsus maktab internatlari faoliyati bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazdi.
"Eng avvalo barchangizni, xalqimizni Ulug` ayyom kunlari bilan tabriklayman. Bu mavzuni bejizga aynan Muqaddas oyda va Juma kuni gaplashmayapmiz. Chunki ushbu qutlug` oyda Allohning marhamati bilan, butun er yuziga baraka va yaxshiliklar yog`iladi. Sabr-qanoat va xayr-saxovatli ishlar uchun ko`p-ko`p savoblar yoziladi. Muborak Qur'oni Karimda ham “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”, deb ta'kidlangan. “Saxovat”, “Muruvvat” va “Mehribonlik” uylari, shuningdek maxsus maktab-internatlardagi yurtdoshlarimizga har qancha g`amxo`rlik qilsak oz, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Shuningdek, jamoatchilik vakillari, hokimlar va boshqa mutasaddilar bilan o`tkazilgan ochiq suhbatda Prezident sog`liqni saqlash vaziri Bekzod Musayevga 1 oy muddatda barcha tug`ruqxonalarda eshitishni skrining qiluvchi jihozlar bilan ta'minlash bo`yicha qaror loyihasi tayyorlashni topshirdi. Bu bilan 60 foiz eshitish nogironligining oldini olish mumkin bo`ladi.
"Mana hozir zaif eshituvchi bolalar bilan gaplashdim. Ko`zlaridan gaplashgisi kelib, yonib turibdi, ammo fikrini aytolmaydi. Bu axir qanchalar musibat. Buni boshidan oldini olishimiz kerak. Katta bo`lib ketgandan keyin bu bolalar uchun ham, ularning ota-onasi uchun ham, qolaversa, davlat uchun ham qiyin bo`ladi”, – dedi Shavkat Mirziyoev.