x

Amerikaning Florida shtatida qabul qilingan qonun loyihasiga ko’ra, endi shtatda yashovchi 16 yoshga to’lmagan bolalar ota-onasining roziligidan qat’i-nazar mashhur ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlandi. Bu haqda USNews xabar bermoqda.

Qonun loyihasida aynan qaysi platformalardan foydalanish cheklanganligi nomma-nom keltirilmagan.  Biroq, foydalanish tarixini kuzatuvchi, bolalarga boshqalar bilan muloqot qilish va media yuklash, haddan ziyod foydalanishga majburlab, qaramlikka olib boruvchi har qancha tarmoqlar nazarda tutilgan. Ushbu qonun xabar almashish ilovalariga ta’sir qilmaydi. 

“Ular bolalardan foydalanishmoqda. Bu ularning biznes modeli. Qanday deysizmi? Ular farzandlarimizni qaram qilishmoqda. Bosilayotgan har bir layk, yozilayotgan har bir izoh, kelayotgan har bir bildirishnoma “dofaminlari” bunga xizmat qilmoqda” deydi qonun loyihasi homiysi T. Sirois.

Tarafdorlarning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar bolalarni zo’ravonlik, jinsiy tajovuz, ruhiy tushkunlik, o’z joniga qasd qilish va giyohvandlikka olib kelishi mumkin.  

Facebook, Instagram va boshqa ijtimoiy-media platformalarga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi ota-ona roziligini talab qilish yoki shu kabi choralarni ko’rishga chaqirdi. Shuningdek, ular bu muammoni shtatlararo emas, balki, federal darajada hal qilinishini istaydi.

Shunday qilib, endi Floridada ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmaganlar tomonidan ochilgan har qanday profillar va ularga tegishli bo’lgan har qanday ma’lumotlar o’chirilishi kerak.

To Top ↑
To Top ↑