Mahalliy yangiliklar
Toshkent viloyatining Oqqo`rg`on tumanidagi maktabgacha ta'lim tashkilotida bolalarning zaharlanishi bo`yicha olti kishiga ayblov e'lon qilindi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning "bolalarolami.uz" internet nashriga ma'lum qilishicha, IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oqqo`rg`on tumanidagi 5-sonli MTT tarbiyalanuvchilari zaharlanishi bilan bog`liq jinoyat ishi (Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi) bo`yicha tergov harakatalari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi bo`yicha 6 nafar shaxsga nisbatan (Jinoyat kodeksining 116, 207, 257-1-moddalari) ayblov e'lon qilinib, ularga nisbatan tegishli ehtiyot choralari qo`llanilgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
Ma'lumot uchun: Oqqo`rg`on tumanidagi bog`chada 12 avgust kuni 25 nafar bola zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan va bir kun o`tib, bemor bolalar soni 30 nafarga etgan edi. Shundan so`ng bolalar zaharlangani holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgandi.