Jahon yangiliklari
Falastinlik Yosir Abu Osi ayni paytda G'azoning Al-Mavasi shaharchasida istiqomat qiladi. Uning aytishicha, bu yer portlashlardan xoli, ammo oziq-ovqat, suv va dori-darmon yo'qligi xavf solmoqda.
“Muammo shundaki, agar biz bombardimondan o'lmasak, kasallikdan o'lamiz. Oziq-ovqat yoki suv yo'q. Yuk mashinalarida keladigan mahsulotlar bor, lekin ular qayerga olib borilishini bilmayman. Biz hech narsani ko'rmayapmiz. Ikki haftadan beri shu yerdaman. Farzandlarimiz bilan qanday omon qolamiz?” — dedi u Al-Jazira nashri bilan suhbatda.
"Hech kim bizning taqdirimiz, ahvolimiz bilan qiziqmaydi. Chegaralarni oching, shunda biz chiqib ketamiz. Biz hayvon emasmiz, insonmiz. Biz faqat o'limni kutyapmiz. Shunday ekan, iltimos, biz uchun biror narsa qiling".
Shuningdek, G'azo Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Isroilning tinimsiz bombardimonlari natijasida har kuni yuzlab odamlar halok bo'layotgani, minglab odamlar yaralangani va qurbonlarning qariyb yarmi bolalar ekanini xabar qilgan.
“Isroil agressiyasi qurbonlarining 70 foizi bolalar va ayollardir. Ular bolalar yashaydigan uylarni nishonga olishmoqda. Qurbonlarning qariyb 45 foizi bolalardir. Bu dunyoning boshqa hech bir joyida kuzatilmaydi", — degan G'azo SSV matbuot kotibi Ashraf Al-Qudra.