Angliyalik charmto`p ustasi Devid Bekxem va uning rafiqasi dizayner Viktoriya Bekxemlar urushdan jabr ko`rgan ukrainalik bolalar uchun 1 million AQSh dollari miqdorida xayriya qildi. Bu haqida sportchi o`zining Instagram sahifasida ma'lum qildi.
"Onalar bolalari bilan qochishga majbur bo`lmoqdalar. Oilalar ajralib ketyapti. Bolalarni tunda uylarni tark etish uchun karavotlaridan ko`tarib ketishyapti. Ukrainadagi urush ikki haftadan beri davom etmoqda va natijada oilalarning ehtiyojlari kuchayyapti. Ayni vaqtda 7,5 million bolaning taqdiri xavf ostida", deb yozdi sportchi.
Bekxemlar oilasi o`zlarining nomidan ukrainalik bolalar uchun xayriya mablag`i ajratishdan tashqari, UNICEF tashkiloti bilan birgalikda xayriya mablag`larini yig`a boshlaganlarini ham ma'lum qilishgan.
"Ukrainadagi vaziyat haqiqatdan ham yurakni tilka-pora qiladi. Iltimos, agar imkoniyatingiz bo`lsa, bolalarni qo`llab-quvvatlash, oilalarni tibbiy vositalar va xavfsiz joy bilan ta'minlash uchun fondga xayriya qilish haqida o`ylab ko`ring", – deb yozdi Viktoriya Bekxem.