Joriy yil 31 oktyabr' kuni imzolangan “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O`zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun ham avvalo oilalar mustahkamligi va tinchlik-osoyishtaligi, osuda hayot barqarorligini ko`z qorachig`idek asrash, gender tenglikni ta'minlash singari ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
Aytish kerakki, ushbu yangi qonun bilan Jinoyat kodeksining 125-1-moddasi nomi “Nikoh yoshi to`g`risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish” deya o`zgartirildi. Ushbu moddaning uchinchi qismiga kiritilgan qo`shimchaga muvofiq, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o`rtasida, shu jumladan, nikoh yoshiga etmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish, shunday qilmish uchun ma'muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa, bazaviy hisoblash miqdorining etmish besh baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to`rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 156-moddasi “Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo`zg`atish” deya nomlandi. Yangi qonun asosida ushbu moddaning birinchi qismi sanktsiyasi “bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi” tarzida o`zgartirildi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismiga kiritilgan o`zgartirishga ko`ra, milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha'n-sharaf va qadr-qimmatni kamsitish, fuqarolarning his-tuyg`ularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bundan tashqari yangi qonun asosida Ma'muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 473-moddasi “Nikoh yoshi to`g`risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish” deya nomlandi. Ayni moddaning uchinchi qismi “nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o`rtasida, shu jumladan, nikoh yoshiga etmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish bazaviy hisoblash miqdorining o`n besh baravaridan o`ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi” tarzida o`zgartirildi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini kafolatli himoya qilish, gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlarning faolligini yanada oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Eng muhimi, bu borada huquqiy asoslar izchillik bilan takomillashtirib borilmoqda. Hususan, yangi qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks “Ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo`lib yashashni targ`ib qilish” deb nomlangan yangi 478-modda bilan to`ldirildi. Kodeksga kiritilgan ushbu o`zgartirish xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, oilalar mustahkamligini ta'minlashga qaratilgan. Aniqroq aytganda, ushbu moddaga binoan, ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo`lib yashashni targ`ib qilish, bunday qarash, g`oya yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek, bunday xatti-harakatlarni rag`batlantirish bazaviy hisoblash miqdorining o`n besh baravaridan o`ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o`n besh sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo`ladi.
Bundan tashqari Ma'muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilgan “Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko`rinishda bo`lish” deya nomlangan 184-4-moddaga ko`ra, jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to`sgan holda bo`lish (bundan tibbiy ko`rsatmaga asosan yoki yo`l-transport harakatida xavfsizlikni ta'minlash uchun kiyiladigan maxsus bosh kiyimda yoxud mehnat va xizmat faoliyati bilan bog`liq hollarda yuzini to`sgan holda bo`lish yoki sport va madaniy tadbirlarni o`tkazish vaqtida ushbu tadbirlar ishtirokchilarining yuzini to`sgan holda bo`lishi, shuningdek, qonunchilikda to`g`ridan-to`g`ri ruxsat etilgan boshqa holatlarda yuzini to`sgan holda bo`lish mustasno) bazaviy hisoblash miqdorining o`n baravaridan o`n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.