Yanvar–sentyabr oylarida Toshkent shahrida boshqa hududlarga nisbatan eng ko‘p nikohdan ajralishlar (4 ming 626 ta) qayd etilgan.
O‘zbekistonda 2023-yil yanvar–sentyabr oylarida nikohdan ajralishlar soni 37,7 mingtani tashkil etib, 2020-yilning mos davriga nisbatan 17,7 mingtaga ko‘paydi. Ajralishlar shahar joylarida 22,7 mingtani (60,3 foiz), qishloq joylarida 15 mingtani (39,7 foiz) tashkil etdi.
O‘tgan 9 oy davomida bir nafar farzand bilan nikohdan ajralishlar soni 10 ming 229 tani (27,2 foiz), ikki va undan ortiq farzand bilan nikohdan ajralishlar 8 ming 331 tani (22,1 foiz) tashkil etgan. Farzandsiz nikohdan ajralishlar soni 19 ming 94 ta (50,7 foiz) bo‘lgan.
Nikohdan ajrashganlarning o‘rtacha yoshi erkaklar uchun 37 yoshni, ayollar uchun 32,9 yoshni tashkil etgan. Bunda eng katta ulush (62,3 foiz) 35 yoshgacha bo‘lgan ajralayotgan ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Nikohdan ajralishlarning eng yuqori o‘sish surʼati Xorazm, Andijon, Farg‘ona, Jizzax va Namangan viloyatlarida kuzatilgan. O‘sishning past darajasi esa Samarqand, Sirdaryo, Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Qashqadaryoda qayd etilgan.
To‘qqiz oy davomida nikohdan ajralishlar soni eng ko‘p hudud Toshkent shahri ( 4 ming 626 ta) bo‘lgan. Shu bilan birga, Farg‘ona va Andijon viloyatlari ham boshqa hududlarga nisbatan yuqori darajada qayd etilgan. Eng kam ajralishlar esa Navoiy viloyatida (1 ming 109 ta) kuzatilgan.