Nutq buzilishi ya'ni dislaliya odatda 3-4 yoshli bolalarda uchraydigan holat. Bunda bola 3-4 yoshga kelib yaxshi gapiradi, o`z istaklarini to`liq va aniq bayon eta oladi, lekin ayrim so`zlarni "bolalarcha" talaffuz qiladi. Masalan, "moshina" so`zining o`rniga "monina" deydi, yoki "kolbasa" deyishning o`rniga "kolbasha" deb talaffuz qilishi mumkin.
Dislaliya 2 xil bo`ladi: funktsional va mexanik.
Mexanik dislaliyaga bola og`zidagi nutq apparatida (tishlar joylashuvi, jag`lar shakli) nuqson mavjudligi sabab bo`ladi. Mexanik dislaliya diagnozi qo`yilganda ortodont bilan logoped davolashi lozim bo`ladi. Odatda og`zi bilan bajariladigan maxsus mashg`ulotlar etarlicha bo`ladi. Ayrim holatlarda jarroxlik yo`li qo`llaniladi.
Funktsional dislaliyada bolaning nutq apparatida hech qanday nuqson bo`lmay bola gapirayotganda tilini noto`g`ri ishlatadi, uni noto`g`ri joylashtirgan holda gapiradi, natijada so`zlar buzuq tarzda talaffuz etiladi.
Buning sababi:
1. Bolaning umumiy sog`lig`i yaxshi emasligi (o`tkir kasallikni boshidan kechirgani);
2. O`ta minimal, boshqa faoliyatga ta'sir qilmaydigan miya disfunktsiyalari;
3. Nutq rivojlanishining kechikishi. Bu sabab odatda kattalar tufayli yuzaga keladi. Bola bilan kam gaplashganda yoki bola bilan uning tilida so`zlarni "bolalarcha" talaffuz qilib gaplashganda bolaning nutqi kech rivojlanadi.
4. Oilada ota yoki ona nutqida nuqson mavjud bo`lsa, bola ularning talaffuz qilish holatini ko`chirib gapiradi.
Funktsional dislaliyani 5 yoshgacha davolamaydi. Agar 5 yoshgacha bola ayrim so`zlarni noto`g`ri talaffuz qilayotgan bo`lsa, u bilan to`g`ri va ravon gaplashib, unga she'rlar o`rgatib, qo`shiqlar ettirib kuting. Lekin 5 yoshli bola "quyosh" deyishning o`rniga "quyos" deyayotgan bo`lsa, demak uni mutaxassisga ko`rsatish lozim.
Odatda logoped maxsus og`iz mashg`ulotlarini o`rgatadi va bola talaffuz qila olmayotgan tovushlarni to`g`ri talaffuz qilishni ko`rsatib, maxsus logopedik yo`llar bilan bu tovushlarni bola nutqida mustahkamlaydi.
Qo`shimcha qilib bolaning eshitish qobiliyatini rivojlantirib borish kerak bo`ladi. Buning uchun kitoblarni o`qib berish, bolalar qo`shiqlarini va musiqasini eshitish, audioyertaklarni tinglash lozim.
Yana bir kichik maslahat bolani nutqini rivojlantirishda og`iz mushaklarini kuchaytirish katta foyda beradi. Bolaga sabzi, olma, suxarik yoki qattiq turshak kabi eguliklardan g`ajish uchun berib turilsa, foydadan xoli bo`lmaydi.