Bolada tish chiqishi asosan 6 oydan boshlanib, 2.5-3 yoshiga qadar ma'lum bir tartibda barchasi chiqib bo`ladi. (Tish chiqish jadvali) Lekin bu muddat va tartib bolaning ovqatlanishi, genetik rivojlanishi va boshqa sabablar tufayli har xil bo`lishi mumkin. Agar oldin tish chiqishining kechikishi raxit belgisi deb ta'kidlangan bo`lsa, hozirgi kunga kelib, jismonan sog`lom bolada ham tish chiqishi normadan kechikishi yoki oldinroq bo`lishi mumkin ekanligi aniqlandi. Tish chiqish jarayoni ayrim bolalarda muammolar keltirib chiqarishi mumkin.
Ota-onalar quyidagi holatlarga alohida ahamiyat bermoqlari lozim:
– Tish chiqishi jadvaldagi muddatlardan 2-3 oyga kechikishi;
– Tishning jadvaldagi muddatdan 2-3 oy oldin chiqishi;
– Tish chiqish tartibining buzilishi;
– Tish chiqishi milkdagi tishlar qatoridan bo`lmasligi;
– Tishning noto`g`ri shakllanishi;
– Tug`ilishdan oldin tish chiqishi.
Yuqoridagi holatlar kasallik holati emas, lekin bola organizmida ma'lum patologik jarayon mavjudligidan dalolat beradi.
Tish chiqayotganda, ko`p so`lak oqishini, bola tajang bo`lishini, og`ziga qo`lini yoki o`yinchoqlarni solib yurishini, ishtaha yo`qligini, uyqusi buzulishini kuzatishimiz mumkin.
Bola tishi chiqayotganda uning qiynalishini qanday engillashtirish mumkin:
1. Tishi chiqayotgan paytda bolaga ikki barobar ko`proq mehr va e'tibor;
2. Rezinali, plastmassali bola tishlab yuradigan va tish chiqishini osonlashtiruvchi maxsus o`yinchoqlar (bolada og`riq juda sezilarli bo`lsa, bu o`yinchoqni berishdan oldin muzlatgichda sovutib bersangiz, og`riqni ham oladi);
3. Onaning toza qo`llarini doka bilan o`rab bola milklarini asta-asta massaj qilish (doka muzdek bo`lsa ham yaxshi);
4. Pediatr belgilagan og`riqni bosuvchi dori;
5. Tish og`rig`ini sezdirmaydigan maxsus gel'lar.
(ayrim bolalarda bunday gel'lar tish chiqish jarayonini sekinlashtirib qo`yishi mumkin).
Maqola yoqqan bo`lsa, do`stlaringiz bilan bo`lishing!
Dilmurod TILOVOV tayyorladi