Statistik maʼlumotlarga koʻra, yer yuzidagi har ikki bolaning biri uyquda tishini g'ichirlatadi. Mutaxassislar bunga sabab bo'ladigan bir nechta holatlarni keltirishadi.
Ko'pchilik uyquda tish g'ichirlatishni organizmda parazitlar mavjud ekani, uyqu vaqtida ularning faollashishi, buning natijasida tishlarning beixtiyor gʻichirlashi bilan izohlashadi. Shuni taʼkidlash lozimki, bu amalda oʻz isbotini topmagan maʼlumot.
Bolalar odatda tishlarini ruhiy noqulaylik yoki irsiy omillar tufayli gʻichirlatishadi. Agar bolangiz tunda tishlarini gʻichirlata boshlasa, uning oʻtkazgan kunini tahlil qilib koʻring. Bolani stressga duchor qilgan biror voqea sodir boʻlganligi ehtimoli bo'lishi mumkin. Stress holati bolakayni toʻlaqonli hordiq chiqarishiga imkon bermaydi. Agar bunday holat bir necha kun davom etsa, uning uchun qulay sharoit yaratib berishga harakat qiling, unga salbiy taʼsir qiluvchi odamlar hamda tashqi omillardan uzoqroq tuting.
Tishlar gʻichirlashining irsiy omillariga to'xtaladigan bo'lsak, agar bola tishlarini gʻichirlata boshlasa, yaqin qarindoshlaringiz orasida ham shunday odatga ega odam bor-yoʻqligi bilan qiziqing.
6-18 oylik bolalarning tishlari milklarni yorib chiqayotgan paytda ularda tish gʻichirlatish holati kuzatiladi. Ular milklardagi noqulaylik va ogʻriqni bartaraf qilish uchun jagʻ qismini qattiq siqib olishadi, natijada gʻichirlash yuzaga keladi. Bu holatning oldini olish uchun milklarni ohista uqalash, ogʻriq hamda qichishishni kamaytirishga harakat qilish kerak. Unga olma, sabzi kabi qattiq mahsulotlardan tayyorlangan ovqatlar berish tavsiya etiladi.
Tishlar gʻichirlashini davolash ayrimlar oʻylaganidek qiyin ish emas. Buning uchun eng avvalo bola ruhiyatiga salbiy taʼsir qilayotgan omillarni undan uzoqlashtirish kerak. Bolangiz uyquga yotishidan avval yelkalarini uqalab qoʻying, ertak oʻqib bering, u bilan dildan suhbatlashing. Bolaga bor ovozingiz bilan baqirmang, uni qoʻrqitmang, urishmang, jazolamang.
Muammoni shifokor maslahatiga koʻra bartaraf qilish yanada osonroq boʻladi. Gʻichirlash tishlarning notoʻgʻri joylashuvi natijasida kelib chiqayotgan boʻlsa, tish shifokori tomonidan bolakay uchun silikon vosita tavsiya etiladi.