x

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko`ra, bugun dunyoda kesarcha kesish amaliyoti orqali tug`ilayotgan chaqaloqlar ulushi 20 foizni tashkil qilmoqda. Agar jarayon shu taxlit davom etsa, 2030 yilga borib, bu ko`rsatkich 30 foizga etishi mumkin.

Qolaversa, o`rganishlar shuni ko`rsat­yaptiki, dunyoning rivojlangan va taraqqiy etayotgan aksariyat mamlakatlarida homilador ayollar tez, xavfsiz, muhimi, og`riqsiz usul sifatida kesarcha kesishni ma'qul ko`rmoqda.
Ho`sh, bu qanchalik to`g`ri? Aslida mazkur amaliyot qanday holatlarda tavsiya etiladi? «Kesarcha» yo`li bilan farzand ko`rgan ayolga tabiiy tug`uruq man etiladimi?

Tug`uruq – homiladorlikning yakuniy bosqichi bo`lib, bu tabiiy holatga ayol organizmi moslashgan bo`ladi. Agar ona va tug`iladigan go`dak sog`lom hamda tug`uruq amaliyoti normal o`tsa, bunga tibbiy aralashuvning zarurati yo`q. Biroq tajribamdan kelib chiqib shuni aytamanki, har doim ham mazkur jarayon bir tekis kechavermaydi. Bu esa ona va go`dak salomatligiga jiddiy xavf tug`dirishi mumkin.


Bunday vaziyatlarda tug`uruq operativ yo`l bilan, ya'ni kesarcha kesish amaliyotini qo`llagan holda bajariladi. Ushbu jarrohlik usuli qorin bo`shlig`ida qilinadigan operatsiya hisoblanadi. Unda bola onaning qorin devoridagi kesilgan joy orqali chiqarib olish yo`li bilan tug`iladi. Uning 2 ta – rejali va shoshilinch turlari bo`lib, homiladorlikning 38-39 haftaligida amalga oshiriladi.
Rejali kesarcha kesish homiladorlikni rejalashtirish yoki «og`iroyoqlik» davrida belgilanadi. Shoshilinch usul esa tug`uruq payti yoki homila hayotiga xavf tug`ilganda bajariladi.
So`nggi yillarda tibbiy ko`rsatma bo`lmasa-da, dunyoning aksariyat mamlakatlarida homilador ayollar orasida ushbu usul rosmana «epidemiya»ga aylandi. Albatta zamonaviy jarrohlik yondashuvlari, samarali og`riq qoldiruvchi vositalar va antibiotiklar sababli ushbu operatsiya­ni ona va chaqaloq uchun minimal xavf bilan amalga oshirish imkonini bermoqda.
Siz hayron bo`lishingiz mumkin: agar ayollarning o`zi bu usulni ma'qul ko`rayotgan va u minimal darajada xavfsiz bo`lsa, nima uchun uni tanlamaslik kerak? Eng birinchi galda kesarcha kesish – jarrohlik aralashuvi ekanini unutmaslik zarur. Shu sababli uni faqat tibbiy ko`rsatma bo`lgandagina amalga oshirish tavsiya etiladi.

Hususan, mazkur amaliyot tos suyagining torligi, homilaning tug`uruq yo`llaridan o`tishiga to`sqinlik qiluvchi omillar, ya'ni yo`ldoshning noto`g`ri joylashuvi, bachadon miomasi, chanoq bosh disproportsiyasi, bachadon yorilishi ehtimoli kuzatilganda kesarcha kesishga ko`rsatma beriladi.

Shuningdek, gipoksiya (kislorod etishmasligi) yoki homilaning yurak disfunktsiyasi, uning ko`ndalang yoki teskari joylashuvi, gipertenziv holatlar, tug`uruq faoliyatining zaifligi ham operatsiya uchun sabab bo`lishi mumkin.
Kesarcha kesish – jarrohlik aralashuvi bo`lib, har qanday holatda ham tabiiy tug`uruqdan farq qiladi. Bunday operatsiyadan keyin ayolning bachadonida chandiq hosil bo`lishi va bu keyingi tug`uruqlarning tabiiy kechishiga salbiy ta'sir etishi mumkin.
Shuningdek, ushbu amaliyotdan so`ng onaning reabilitatsiya davri ham ancha uzoq davom etadi. Hususan, ayolning bachadoni qisqarishi uchun tabiiy tug`uruqqa nisbatan ko`proq vaqt talab etiladi.
Qorin old devorida kosmetik chandiq qolishi, chok izlari, yallig`lanish, infektsiya tushish xavfi, standart jarrohlik asorati bo`lgan qon ketish, emizish bilan bog`liq muammolar ham ushbu amaliyotning salbiy jihatlaridir.
Umuman olganda tabiiy tug`uruq fiziologik jarayon ekanligini har bir bo`lg`usi ona tushunishi, muhimi, kesarcha kesish bolani odatiy yo`l bilan tug`a olmaydigan ayollar uchun mo`ljallanganini anglashi zarur. Ya'ni, ushbu operativ usul faqat onaning xohishi bilangina amalga oshirilmaydi va tabiiy tug`uruqdan qo`rquv kesarcha kesishga asos emas. Buning uchun aniq tibbiy ko`rsatmalar bo`lishi lozim.
Kesarcha kesish amaliyoti orqali farzandli bo`lgan aksariyat ayollar ke­yinchalik tabiiy tug`uruqning imkoni yo`q, deb o`ylaydi. Bu noto`g`ri. Boisi, dunyo tibbiyotida to`plangan taj­ribaga ko`ra, operativ usul orqali farzand ko`rgan ayollarning aksariyatida keyinchalik tabiiy tug`uruq me'yoriy kechishi tasdiqlangan.
Agar ayolda birinchi kesarcha kesish operatsiyasi o`tkazilgan bo`lsa, ona va homila salomatligi uchun hech qanday qarshi ko`rsatmalar bo`lmasa, tabiiy yo`l bilan tug`ish mumkin. Ammo bachadonda 1 ta chandiq bo`lgan ayol tabiiy yo`l orqali tug`ayotganda, homila va onaning holati monitoring qilinishi va shoshilinch akusherlik yordamga tayyor bo`lish lozim.

Yana shuni ta'kidlash kerakki, jarrohlik yo`li orqali farzand ko`rgandan keyingi homiladorlik ikki yildan so`ng bo`lishi maqsadga muvofiq. Chunki, ayni shu muddat ona salomatligining tiklanishi va go`dakning sog`lom dunyoga kelishi uchun juda muhim.

 

To Top ↑
To Top ↑