x

Bolaning bosh suyaklari juda qattiq bo`lib, miyani lat eyishidan himoya qilib turadi. Aynan shu suyaklar tufayli yiqilganda miya shikastlanmay, asosan boshning ustki qoplami zarba eydi. Buning alomatlari quyidagicha namoyon bo`ladi:

1. Terining yorilishi;

2. Shishlar paydo bo`lishi;

3. Teridan qon oqishi;

4. Teri ko`karishi.

Bu alomatlar jiddiy bo`lmay, odatda oddiy muolajalar yordamida tez kunda o`tib ketadi.

Bola boshi bilan yiqilganda ota-ona qilishi kerak bo`lgan asosiy vazifalar:

— Asabiylashmang! Bolaning holatini o`rganish uchun hozir eng muhimi onaning tinch bo`lishi.

— Muz qo`ying. Uyda kichik yoshdagi farzandlar bo`lsa, muzlatkichda doim muz bo`lishi kerak. Bola yiqilgan zahoti lat egan joyiga ingichka sochiqqa o`ralgan muzni kamida 15 daqiqa davomida asta bosib turish lozim. Orada 5 daqiqa dam oldirib yana 15 daqiqa davomida bosib ushlanadi. Bola istamay yig`layotgan bo`lsa, uni biron shirinlik yoki u sevgan faoliyat bilan chalg`itib turish lozim.

Uzunligi 10-15 smga ega bo`lgan upakovkadagi biron sousni muzlatkichda saqlab, bola yiqilganda undan foydalansa bo`ladi. Oddiy muzdan suv oqib noqulaylik tug`dirishi mumkin. Bunday paketlar birinchidan, ushlashga qulay, ikkinchidan, qo`lda anchagacha erimay turadi.

Bola muz tufayli juda qattiq asabiylashib yig`layotgan bo`lsa, u holda muz qo`yish qo`ymaslikni o`zingiz hal qiling. Muz yordamida lat egan joyda shish paydo bo`lmaydi yoki bo`lsa ham, tez orada o`tib ketadi. Undan tashqari ko`karish va qizarish yuzaga kelmaydi.

Agar lat egan joy qonayotgan bo`lsa, uni tibbiy bint yordamida to`xtatish kerak. Odatda onaning qo`l bosimi bilan qon oqishi to`xtaydi. Shuni unutmang, yuzdagi qon oqish hajmi, boshqa joylar lat egandagi oqish hajmidan ko`proq bo`ladi, lekin shunga qaramay bolada ko`p qon yo`qotish xavfi bo`lmaydi.

Agar lat egan joy qattiq kesilgan bo`lsa, u holda qonni to`xtatganizdan so`ng yarani yaxshilab tekshirish kerak. Yaraning kengligi yoki chuqurligi 1/2 sm dan katta bo`lsa, ba'zida uni tikishga to`g`ri keladi. Chunki keyinchalik yara o`rnida katta chandiq qolishi mumkin.

Bola yiqilgandan so`ng uni uxlatmaslikka harakat qilib kamida 1 soat davomida holatini kuzatish kerak. Undan so`ng uxlab qolsa ham 20 daqiqa o`tgach uyg`otib holatini qayta kuzatish lozim. Ko`pincha yiqilgan bola yig`lab uxlab qoladi, bunda ona uning holatini uyqusi davomida ham biroz kuzatib turishi maqsadga muvofiq bo`ladi.

Bola boshi bilan yiqilganida jiddiy jarohat yo`qqa o`xshasa ham kamida 24 soat uni nazorat qilish lozim. U yaxshi o`ynab, kulib, ovqatlanib, chopib, emaklab o`zini yaxshi his etayotgan bo`lsa, u holda shifoxonaga shoshilmasa bo`ladi. Ba'zida miya jarohatlangani alomatlari o`sha zahoti namoyon bo`lsa, ba'zida bir necha soat o`tib ham namoyon bo`lishi mumkinligi haqida unutmaslik kerak.

Agar bolaning boshida shish paydo bo`lgan bo`lsa, odatda u boshning ustki qismida bo`lib miyaga zarba keltirmaydi. Lekin ba'zida shishning kattaligi gematoma (qon yig`ilib qolishi) ni hosil qiladi. Bunday gematoma miyani ezib qo`yish ehtimoli bor. Shuning uchun juda katta shish bo`lsa, rengen yoki tomografiya qildirish talab etilishi mumkin. Undan tashqari qattiq yiqilish natijasida ko`rinarli jarohat yo`qligi bilan miya chayqalishi ham ro`y berishi mumkin. Bu holatlar tibbiy yordamni talab etadi.

Quyidagi alomatlar zudlik bilan tez yordam chaqirishni yoki shifoxonaga borishni talab etadi:

Agar bola yiqilgandan so`ng yig`lamay indamay qolgan bo`lsa;

Bola yiqilganda bo`yniga zarba tushgan bo`lsa;

Bola tanasini tuta olmayotgan bo`lsa;

Bolaning gapirishi, harakat qilishi yoki ko`zlari harakatida g`alati o`zgarishlar namoyon bo`lsa;

Bolani xuruj tutsa;

Bolaning rangi oqarib ketayotgan bo`lsa;

Bola nafas olishda qiynalayotgan bo`lsa;

Bola qusayotgan bo`lsa;

Bolaga aniq talab qo`ysangiz qila olmayotgan bo`lsa (masalan, "ko`zlarimga qara", "oyoqlaringni ko`rsat", "chapak chal", "ko`zing qani?" va hokazo);

Bola oyoq-qo`llarini tog`ri ishlata olmayotgan bo`lsa;

Bolaning yig`lashi hech to`xtamayotgan bo`lsa;

Bola qattiq bosh og`rig`iga shikoyat qilayotgan bo`lsa;

Bolaning ko`zida o`zgarishlar bo`lsa (g`ilaylik, ko`zning shakli yoki hajmi o`zgarishi, narsalar ikkita bo`lib ko`rinishi, ko`zi yugurishi va hokazo);

Onada bolaning yiqilishi haqiqatdan jiddiy ekanligiga shubha bo`lsa.

Bolada yiqilgan zahoti unda jiddiy alomatlar kuzatilmayotgan bo`lsa ham, keyingi 24 soat davomida uni quyidagi holatlarga kuzatish kerak:

Bola uxlab uyg`ona olmayotgan bo`lsa;

Bolaning teri rangi asta sekin oqarib yoki undan jiddiyrog`i ko`karayotgan bo`lsa;

Bolaning nafas olishi tezlashib ketayotgan yoki o`ta sekinlashishni boshlayotgan bo`lsa;

Bolaning biron joyida tutqanoq namoyon bo`lsa

tezda shifoxonaga borib bolani tekshirtirish talab etiladi.

 

 

To Top ↑
To Top ↑