Uyingizning yangi mehmoni beozor va mitti bolakay hali hayotingiz mazmuniga aylanib, sizga baxt va quvonch keltiradi. Albatta, bu uchun siz ham farzandingizning sog`lom, baxtli, quvnoq o`sishi uchun bola parvarishini yaxshi bilishingiz kerak. Endi tug`ilgan nozik kichkintoylar tirnog`idan tortib sochining tolasigacha alohida e'tibor talab etadi. Shunday ekan, bu borada beparvolik qilish yaramaydi. Quyida bolaning soch parvarishi haqida qimmatli ma'lumotlar bilan bo`lishamiz.
Ona qornidalik hayotining taxminan 20-haftasida chaqaloqda soch o`sishi boshlanadi. Ko`pchilik chaqaloqlar qalin sochlari bilan, ba'zilari esa kam va o`ta siyrak sochlar bilan dunyoga keladi. Qalin sochlar bilan tug`ilish holati nisbatan kam uchraydi. Yangi tug`ilgan chaqaloqlar sochi taxminan 2-3 oy saqlanib turadi. Keyin to`kilib ketadi. O`rniga boshqa soch o`sib chiqadi. Ayrim ota-onalar esa soch parvarishi haqida ma'lumotga ega bo`lmagani uchun tabiat in'om etgan bu ne'matni saqlab qololmaydi. Chaqaloqning sochlari o`smirlik davri boshlanganda siyraklashib qoladi, kuchsiz va to`kiluvchan bo`lib qoladi va hokazo.
Unutmang, chaqaloqning sochlari o`ta ehtiyotkorlik bilan harakat qilishni talab etadi. Axir ular nozik va zaif. Honadagi namlik va quruq havo, suvning iliqligi, ul'trabinafsha nurlar, to`g`ri tanlangan shampun' va boshqalar kabi tashqi omillarga e'tiborli bo`lishingiz zarur. Agar farzandingiz sog`lom va chiroyli sochlarga ega bo`lishini istasangiz, ularni to`g`ri parvarish qiling.
Chaqaloq sochini parvarish qilishda hech qanday murakkablik yo`q. U birinchi galda muloyimlikni talab etadi. Yana bir muhim jihat – shoshilmaslik. Ko`pchilik bolalar soch yuvishni xush ko`rmaydi, yig`laydi, xarxasha qiladi va hokazo. Agar farzandingiz shu toifadagi chaqaloqlar safida bo`lsa, uni imkon qadar chalg`iting, kuldiring, yaxshi gapiring, qo`rquvini tarqatib yuboring.
Shampunni tanlash ham muhim jarayon. U birinchi navbatda ko`zni achishtirmasligi, yoshlatmasligi kerak. Shuningdek, chaqaloq shampuni ko`p ko`pirmasligi lozim. Haftada kamida ikki marotaba bosh yuvish maqsadga muvofiq. Juda tez-tez, deylik har kuni yuvinadigan bolalarning bosh terisida quruqlik, qizarish yoki dermatit kabi muammolar paydo bo`lishi mumkin. Shu sababli, me'yorni saqlash foydalidir.
Suv issiq ham, sovuq ham emas, 37-33 daraja atrofida iliq bo`lsin. Suv juda qattiq bo`lsa, u ichimlik sodasi bilan qaynatiladi (1 litr suvga yarim choy qoshiq). Chaqaloq cho`milib bo`lganidan so`ng sochini yaxshilab toza suv bilan yuvib tashlang.
Sochni quritgich(fen) bilan quritmang! Haddan tashqari issiq havo sochlarga juda salbiy va zararli ta'sir o`tkazadi. Shuning uchun sochlarni quritish uchun muntazam sochiq ishlating.
Tarash haqida gap ketganda, e'tiborga olinishi kerak bo`lgan bir nechta jihatlar mavjud. Misol uchun, uzun sochlarda tarashni soch uchidan boshlab, asta-sekin ildizlarga yaqinlashish kerak. Shoshilmang, juda ehtiyot bo`ling, tortmang va chigallashgan sochlarni tekislayman, deb bolaga ozor bermang.
Taroq tabiiy materialdan tayyorlangan bo`lishi kerak, u sochda statik elektrni paydo qilmaydi, sochga zarar etkazmaydi. Bolaning bosh terisi shikastlanmasligi uchun taroq tishlari qattiq va uchli bo`lmasin. Massaj qiluvchi bosh taroqlaridan ham foydalanish tavsiya etiladi. Bu qon aylanishi va shunga mos ravishda soch o`sishini yaxshilaydi. Unutmang, sochni to`g`ri parvarish qilish xuddi kattalar singari bolalarning ham shaxsiy gigiyenasida muhim ahamiyat kasb etadi.
O`g`lingizda mayin va yorqin, qizingizda Rapunzel singari uzun va sog`lom sochlar bo`lishini orzu qilsangiz, yuqorida sanalgan tavsiyalarga amal qiling. Bu bilan sochlarning o`sishi, sog`lom rivojlanishiga yordam berasiz!