Chaqaloqlarning sut tishlari chiqishni boshlashi ota-onalarda "Bolamning tishlarini qachon yuvishni boshlashim kerak?" degan savolni yuzaga keltiradi. Ko`pgina ota-onalar bolaning og`zidagi tishlar yarmi chiqquniga qadar ularni umuman tozalash kerak emas deb hisoblashadi, Ammo bu noto`g`ri fikr.
Bolalarning tishini qachondan va qanday tozalash kerak?
Amerika pediatrik stomatologiya akademiyasi olimlari chaqaloqning tishlarini hayotning ilk haftalaridan boshlab tozalash kerakligini aytishadi. Ularning fikriga ko`ra, bola oziqlantirilganidan so`ng ota yoki ona uning milklarini yumshoq mato yordamida toza va iliq suvda ehtiyotkorlik bilan artib olishlari lozim. Bu bolaning og`iz bo`shlig`ini turli kasalliklar, jumladan, stomatit va zamburug`li kasalliklardan himoya qiladi. Shuningdek, tishlarini sog`lom o`sib chiqishini ta'minlaydi. Milklarni tozalashda ehtiyotkor bo`lish lozim. Sababi hali yangi tug`ilgan go`dakning milklari ham juda yumshoq, mo`rt bo`lib, osonlikcha shikastlanishi va ortiqcha bosimdan aziyat chekishi mumkin. Bundan tashqari, og`iz bo`shlig`i yumshoq to`qimalarining kichik tirnalishi ham yallig`lanish va yuqumli kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi.
Bolaning tishlariga qachondan boshlab tish pastasi va cho`tkasini tekizsa bo`ladi?
Chaqaloqlarda asosan, 5-6 oylik davrida tishlarning faol yorib chiqishi kuzatiladi. Ba'zi bolalarda bu jarayon nisbatan kechroq yuzaga keladi. Agar chaqaloqning rivojlanishi tizimli ravishda davom etsa hamda bolalar bolalar stomatologi ruxsat bersa, u holda bola 1 yoshligida tish pastasini ishlatish mumkin. Ba'zi bolalar rivojlanishda tengdoshlaridan sezilarli darajada oldinda bo`lishi tufayli 9-10 oyligidayoq ko`pgina tishlarga ega bo`lishada, oila a'zolari bilan bir dasturxonda ovqatlanishadi. Bunday holda, tish pastasini bir yoshga to`lgunga qadar sotib olish mumkin bo`ladi, lekin birinchi navbatda bolalar stomatologi bilan maslahatlashish lozim. Agar ota-onalar bir vaqtning o`zida tish cho`tkasini ham qo`llashsa, bola pasta va cho`tkaga bir vaqtda o`rganishi oson bo`ladi. Bola 12 oylik bo`lguniga qadar tishlarini ota-onalarining o`zlari yuvishi lozim.
Bolalar uchun tish pastasi va cho`tkasini tanlashda nimalarga e'tibor qaratish kerak?
Bu vaqtdagi bolalar tupurishni bilmaganliklari bois og`zidagi har qanday narsani yutib yuboradi. Bu esa albatta uning ota-onasida xavotir uyg`otadi. Shu boisdan ham tish pastasini tanlashda yutib yuborish mumkin bo`lmagan, bolaga hech qanday zarar etkazmaydigan, tarkibida ftor bo`lmagan, kuchli kimyoviy moddalardan holi ekanligiga e'tibor berish lozim. Bundan tashqari, turli bo`yoqlar, parabenlar va tashqi faol moddalar ham bo`lmasligi kerak. Tish cho`tkasi ham yumshoq, milklarga zarar etkazmaydigan, ushlashga qulay bo`lishi lozim. Shu qatorda uning rang-barangligiyu turli ko`rinishga ega bo`lishi bolada katta qiziqish uyg`otadi. 4 yoshgacha bo`lgan bolalarning tish cho`tkalari juda yumshoq bo`lishi kerak. Cho`tkalar har 2-3 oyda almashtirilishi lozim.
Bolani tish yuvishga qanday o`rgatish mumkin?
Dastlab, bolaning tishlarini o`zingiz tozalab, unda ko`nikma hosil qiling. Bu vaqtda bolalarda turli qarshilik ko`rsatishlar ham bo`ladi. Uning qiziqishini oshirish uchun yuqorida aytilganidek tish cho`tkasining rang-barangligiga, ko`rinishiga ham alohida ahamiyat qarating. Bundan tashqari o`zingizning tishingizni birinchi yuvib, endi navbat seniki, deb ayting. Jarayonda u yoqtiradigan qo`shiqlarni kuylang, o`zingiz bu haqida ertak to`qing, planshetingiz orqali sevimli multfil'mini qo`yib bering. Agar bolangizning o`zi tishlarini tozalashga harakat qilsa, bunga ruxsat bering. Lekin albatta o`zingiz yaxshilab yuvib qo`ying. Tishlar kuniga 2 marta va 2 daqiqa davomida cho`tkalanishi kerak. Bolangiz 2 yoshga to`lgach, unga tish pastasini tupurishni o`rgating va ushbu davrda farzandingiz mazkur harakatlarni tezda o`rganib oladi. Yuqoridagi barcha jarayonlarda sizdan sabrli bo`lish talab etiladi. Besabrlik bilan yarim yo`lda tashlab qo`ymang. Zotan, gigiyena qoidalariga amal qilishni bolaning erta rivojlanish davridan boshlash uning salomatligi uchun muhim rol o`ynashini doimo yodingizda saqlang.
Gulzoda Safarova