Statistikaga ko`ra odatda bolalar ilk qadamini 12 oyligida qo`yadi. Bu erda ahamiyat qaratish kerak bo`lgan so`z — statistikada. Sizning farzandingiz esa boshqa davrda yurish huquqiga (pediatr va fiziologlar tomonidan tasdiqlangan) to`liq egadir.
Bu holatda me'yor chegarasi bir muncha keng shakllangan — 8 oydan boshlab 1 yarim yilgacha. Ko`plab ota-onalar farzandlari boshqalarga nisbatan erta qadam tashlaganidan faxrlanishadi. Buni xuddi bolalarining o`sishidan dalolat beryapti deb o`ylashadi. Ammo bu shunchaki ota-onalar izzattalabligini ovuntirish uchun o`ylab topilgan vaj xolos.Bolaning ilk qadamlari va uning o`sishi, jismoniy yoki aqliy imkoniyatlari bilan bog`liqligini xuddi uning burni shakli yoki soch rangi bilan aloqa kabi izohlash mumkin. Ya'ni bunday bog`liqlik yo`q. Kimdir malla, kimningdir ko`zlari yashil, kimdir esa 8 oyda mustaqil yurib ketadi.Biroq birinchi qadamlar kechikkanda ogoh bo`lish kerakligiga oid aniq vaziyatlar ham mavjud.
Qachondan xavotirlanishga asos bor?
Birinchidan, sog`lom bola nima bo`lganda ham 20 oylikkacha ilk mustaqil qadamni qo`yishi kerak. Bu davrgacha bolalar etarlicha kuchga to`lishadi va qadam tashlash ularda alohida qiyinchiliklar tug`dirmaydi. Agar bola yurishni rad etayotgan yoki buni faqat boshqalarning yordami bilan bajarayotgan bo`lsa, uni pediatr ko`rigiga olib borish shart. Boshqa tor yo`nalishdagi mutaxassislarning qo`shimcha nazoratidan o`tish ehtimoli ham bo`lishi mumkin, masalan, ortoped yoki nevropatolog.
Ikkinchidan, umumiy holat ahamiyatli. Gap shundaki, agar bola yurmasa, ammo uning tayanch-harakat funktsiyalari aniq rivojlanayotgan bo`lsa: bemalol ag`dariladi, o`tiradi, o`yinchoqlarga tayana oladi, emaklaydi, yotoq devoriga turishga yoki divanga chiqishga harakat qiladi, qo`lidan ushlab turilgan holatda g`ayrat bilan sakraydi — bu bir masala. Uning harakat faolligi sizga yuqoridagi kabi etarli darajada ko`rinmasa, boshqa masala. Bu ham shifokor bilan qo`shimcha maslahatlashib olish uchun jiddiy sababdir.Agar ushbu holatlardan hech biri sizga va sizning bolangizga aloqador bo`lmasa, biroz tinchlaning. Bola albatta bunga tayyor bo`lganini sezishi bilanoq yurib ketadi.