x

JSST ma'lumotlariga ko`ra, bugun dunyoda maktabgacha yoshdagi 47,5 foiz va maktab yoshidagi 25,5 foiz bolalar kamqonlik xastaligiga chalingan. Yurtimizda ham bu kasallik kichik yoshdagi o`g`il-qizlar orasida ko`p uchraydi.

Ushbu kasallikning asosiy sabablari nimada?

 — Avvalo, buni bir necha omillar bilan izohlash mumkin, — deydi tibbiyot fanlari doktori Aziza Mahmudova. — Ya'ni, kundalik iste'mol mahsulotlarida kerakli vitamin va ozuqalarning etishmasligi, ekologiyaning yomonlashuvi ko`plab xastaliklar qatori kamqonlikni keltirib chiqaradi.

Yangi tug`ilgan chaqaloqlarda anemiya homiladorlik davridagi muammolar – qon ketish, homilaning tushish xavfi, onadagi yuqumli kasalliklar tufayli yuzaga keladi. Erta tug`ilgan bolalarda ham bu xastalik ko`p kuzatiladi.

Kamqonlik bilan og`rigan bolalar turli yuqumli kasalliklarga tez chalinadi. Oqibatda ularda kamharakatlik, charchoq, uyquchanlik, ishtahasizlik hamda vazn etishmasligi kuzatiladi. Teri oqarib, tirnoqlar va sochlar mo`rtlashadi.

Til yallig`lanib, og`iz atrofida yuzaki yaralar paydo bo`ladi. Asab tizimi faoliyati buziladi, tez-tez bosh aylanishi, og`rishi, quloqlarda shovqin kuzatiladi. 1 yoshgacha bo`lgan va og`ir kamqonlikka chalingan go`daklar rivojlanishda ancha ortda qoladi.

Bundan tashqari, asabiylik, bo`r yoki kesak eyish ham kamqonlikning asosiy belgilaridir. Hastalikning og`ir holatlarida esa hushdan ketish, taxikardiya, nafas qisish kuzatilishi mumkin.

Kasallikka tashxis qo`yishda, avvalo, pediatr-shifokor ko`rigidan o`tish lozim. Qolaversa, bolada anemiyani aniqlash uchun gastroenterolog, nefrolog, allergolog, gematolog va boshqa tor doiradagi mutaxassislar tekshiruvi talab etiladi.

Shuningdek, kamqonlikni davolash uchun, avvalo, yosh bolalar, maktab yoshidagi o`g`il-qizlar taomnomasi va kunlik tartibini qayta ko`rib chiqish kerak. Bemor bola ko`proq toza havoda sayr qilishi, o`rtacha jismoniy faoliyat bilan shug`ullanishi, bir vaqtda uxlab, bir vaqtda uyg`onishi lozim.

Anemiyaga chalingan bolalar ratsionida temirga boy mahsulotlar – qizil go`sht, loviya, no`xat, qorabug`doy unidan tayyorlangan non, qo`ziqorin, quritilgan mevalar va ko`katlar bo`lishi kerak.

S va B12 vitaminlariga boy mahsulotlar (bulg`or qalampiri, brokkoli, tsitrus mevalar, baliq, yashil bargli sabzavotlar) ham kasallikning oldini olishda juda muhim. Boisi bu vitaminlarsiz temir qonga so`rilmaydi.

Agar bolada jiddiy kamqonlik kuzatilsa, shifokor tomonidan zarur dori-darmonlar tayinlanadi.

 

To Top ↑
To Top ↑