Bolalarda nafas a'zolari kasalliklari bir necha guruxga bo`lingan bo`lib, ularga infektsion-yallig`lanish bilan kechadigan o`tkir va surunkali kasalliklar, allerik kasalliklar, chaqaloqlik davrida rivojlangan, tug`ma va nasliy kasalliklar kiradi.
Infektsion-yallig`lanish bilan kechadigan o`tkir va surunkali kasalliklarga yuqori va pastki nafas a'zolari kasalliklari kiradi. Yuqori nafas a'zolaridan ko`prok rinit, faringit, tonzillit, otit, sinusit, laringit; pastki nafas a'zolari kasalliklaridan esa traxeit, bronxit (o`tkir, surunkali, obstruktiv, qaytalanuvchi), bronxiolit, pnevmoniya, plevrit, bronxoektatik kasalliklar uchraydi.
Allergik kasalliklarga bronxial astma, chaqalog`lik davrida rivojlangan kasalliklarga bronx-o`pka displaziyasi, Vil'son-Mikiti sindromi kabi xastaliklarni kiritish mumkin.
Nasliy kasalliklarga o`pkaning idiopatik diffuz fibrozi, idiopatik o`pka gipertenziyasi, o`pkaning al'veolyar mikrolitiazi, kartagener sindromi, mukovistsidoz, al'fa-1 antitripsin tanqisligi kabi qator kasalliklar kiradi.
Tug`ma kasalliklarga esa o`pkaning rivojlanish nuqsonlarini kiritishimiz mumkin.
Yuqorida tilga olingan har bir xastalikning xavflilik darajasi har xil. Ba'zilari engil shaklda kechsa, aksariyatining xavflilik darajasi ancha yuqori.
Nafas olish tizimining asosiy vazifasi — organizmni kislorod bilan ta'minlashdir. Bu tizimning biror bo`g`inida shikastlanish kuzatilsa, butun tizim ishdan chiqishi mumkin, bu esa organizmda kislorod etishmasligi (gipoksiya)ga va undan keyin qaytarib bo`lmaydigan jarayonlarni yuzaga kelishiga sabab bo`lishi mumkin.
Bola organizmida gipoksiyaning kelib chiqishiga to`xtalsak, birinchidan, bu bolaning nafas yo`llari anatom-fiziologik xususiyatlariga bog`liq bo`lsa, ikkinchidan, nafas yo`llari o`ta sezuvchan bo`lib, turli infektsiya, allergen yoki boshka qo`zg`atuvchiga darrov gipersezgirlik reaktsiyasini berib, nafas siqishi, hansirashga olib kelib, bolaning xayotiga xavf tug`dirishi mumkin. Yuqorida sanab o`tilgan kasalliklarning barchasi ozmi-ko`pmi bolaning hayotiga xavf tug`diradi. Ayniqsa, o`tkir bronxoobstruktsiya, o`pkada gazlar almashunivining buzilishi, nafas qisish xuruji (astmatik status) va boshqa holatlar o`tkir nafas etishmovchiligi natijasida bolaning hayoti uchun o`ta xavfli xisoblanadi.