x

Ko`pchilik oilalarda ota-ona va buvilar bolalarni kunduzi uxlashga zo`rlashmaydi. Mayli, uxlamasa uxlamasin, deyishadi. Kunduzi uxlab olsa, kechasi uxlamay bezor qiladi, deguvchilar ham topiladi. Bolalar bog`chasida esa albatta, majburlab bo`lsa-da, uxlatishadi. Ho`sh, bola kunduzi uxlashi kerakmi? Kerak bo`lsa, nima uchun?

Pediatrlar va bolalar nevropatologlari 5-6 yashar bola kunduzi kamida 1,5-2 soat uxlashi shart degan fikrni ilgari surishadi. Bola qanchalik yosh bo`lsa, unda uyquga bo`lgan ehtiyoj shunchalik kuchli bo`ladi. Mutaxassislarning fikricha, bolalar yoshiga qarab quyidagi vaqtlarda uxlashi kerak:

– yangi tug`ilgan bola bir kunda 19 soat;

– 3-5 oylik bola 17 soat;

– olti oylik bola 15 soat;

– 9-12 oylik bola 13 soat;

– 2-3 yashar bola 12,5 soat;

– 4-5 yashar bola 11,5 soat;

– 6 yashar bola 10 soat uxlashi kerak.

Bola yorug` dunyoga kelgan zahoti kun bilan tunni ajrata olmaydi, u bir sutkada 4 martadan 11 martagacha uxlaydi. 1,5 yashar bo`lganda har 4,5 soatda 1,5-2 soatdan uxlatiladi. 3 yoshga to`lguncha 2,5-3 soat, 4-6 yoshgacha 1,5-2soat uxlaydi. Faqat 7 yoshga borib, bola organizmi tungi uyquga moslashadi. 7 yashar bola kechasi yaxshi uxlamagan bo`lsa, maktabda toliqsa, shamollagan yoki holi qurigan bo`lsa uni kunduzi uxlatish kerak. Shunda quvvati tezroq asl holiga keladi. Demak, bola kunduzi albatta uxlagani ma'qul. Chunki shunda bola organizmdagi eng muhim bo`lgan uyqu va tetiklik bioritmlarni tabiatning o`zi bir maromda ishlatadi.

Bola kunduzi uxlamasa bioritmlar uyg`un bo`lmay qoladi. Natijada bola jaxldor bo`lib, tez toliqadi, asabiy-ruhiy va jismoniy rivojlanishi sekinlashadi, yaxshi o`smaydi, immuniteti pasayib ketadi, tez-tez shamollaydigan bo`lib qoladi, bolalar infektsiyalari salga yuqadi.

Shuningdek, shaharda yashaydigan bolalar ko`proq uxlashi kerakligi ta'kidlanadi. Chunki mashinalarning shovqin-suroni, zararli chiqindilar bolaning asab tizimini “zaxarlaydi”, bir maromdagi hayotini izdan chiqaradi. Shuning uchun ular qishloq bolalariga qaraganda ko`proq charchaydilar. Bola uxlab yotganda miyaning maxsus himoya oqsili ishlab chiqariladi. U esa miyani zo`r keladigan narsalarga moslashtiradi.

Sizlarga maslahatimiz shuki 2,5 oygacha bo`lgan chaqaloqlarni emizib bo`lgan zaxoti uxlating. 3 oylik bolani qorni to`ygandan so`ng 15-20 daqiqa o`tgach, kattarog`ini yarim soat yoki bir soatdan so`ng uxlating. 1,5 yoshli bolani esa kunduzi faqat bir marta uxlating. Ozroq tixirlik qiladiyu, lekin keyin ko`nikib ketadi. Faqat har kuni ma'lum bir vaqtda, o`rgangan joyida uxlashi maqsadga muvofiq ekanini unutmang.

To Top ↑
To Top ↑