Bolalarning ko`zi o`ziga xos farqli jihatlarga ega. Misol uchun, yangi tug`ilgan chaqaloqning ko`z olmasi kattalarnikidan farqli ravishda sharsimon ko`rinishga ega bo`ladi. Oqsil pardasi yupqa, sklerada ko`plab elastik tolalar bo`ladi. Go`dak bir oylik bo`lganda predmetni kuzatish, ba'zida nigohni qadash refleksi rivojlanadi. 2-3 oylikka to`lganda ko`z oldiga biron narsani birdaniga yaqinlashtirsangiz, ko`zlarini yumib oladi. Bu xavfni sezish refleksi hosil bo`layotgani belgisidir. 6-8 oyligida esa bola oddiy geometrik shakllarni farqlaydi.
Rangni farqlash qobiliyati ham 2-3 oyligida rivojlanadi. U, eng avvalo, qizil rangni ajratadi. Ranglarni farqlash xususiyati 3-4 yoshigacha shakllanishi kerak. Agar bu jarayonda nuqsonlar bo`lsa, turli ko`z kasalliklaridan darak bo`lishi mumkin. Shu bois, tibbiy ko`rik orqali bolalarning ko`rish a'zolari rivojlanish bosqichlarini muntazam kuzatib borish lozim.
Ko`z huda-behuda yoshlanmaydi. Ayniqsa, bolalarda bu muammo bo`lsa, tug`ma ko`z yoshi kanallarining yopilishi yoki torayib qolishi, shamollash alomati bo`lishi mumkin. Bunday vaziyatda vaqtni boy bermay, bolani okulist-shifokor ko`rigidan o`tkazish kerak.