Ma’lumki, yangi tug‘ilgan chaqaloq katta bo‘lgunga qadar tashqi muhitga ta’sirchan bo‘ladi. Shuning uchun uni parvarishlash davomida bir qator omillarga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Bu chaqaloqning sog‘lom rivojlanishi, turli kasalliklarga chalinmasligi uchun muhimdir. Quyida farzandingizni parvarishlashda ahamiyatli bo‘lgan jihatlarga to‘xtalib o‘tamiz.
Kindik tushishi
Kindik qoldig‘i odatda tug‘ruqdan so‘ng 4-5 kun ichida tushib, ba’zi vaqtlarda 8-10 kunlarga ham cho‘zilishi mumkin. Agar kindik sohasida namlik bo‘lsa, 70 foizli spirt eritmasi tomizilib, sterillangan bint yordamida artiladi. Ba’zan chaqaloqning muntazam bezovta bo‘lib, yig‘lashi sababli ham kindikda shish kuzatiladi. Agar chaqaloqning kindigi qoldig‘i 15 kun ichida ham ko‘chib tushmasa yoki soha atrofida qizarish, yallig‘lanishga o‘xshash belgilar kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat etish lozim.
Chaqaloq bosh qismi bilan bog‘liq masalalar
Yangi tug‘ilgan chaqaloqning bosh aylanasi me’yorda 34-36 santimetrni tashkil etib, hayotining ikkinchi oyida 36-37 santimetr atrofida bo‘ladi. Bir yoshga qadar esa bu ko‘rsatkich 46 santimetrga yetadi. Liqildoq chaqaloq boshining tepa qismidagi qotmagan soha, miya ustidagi qalin himoya qavati bo‘lib, me’yoriy holatda chillali chaqaloqlar uchun 26-28 mm, ikkinchi oydan boshlab 22-25 mm atrofida bo‘lib, bir yoshgacha 8-10 mm.gacha kichrayib boradi. Bola boshidagi liqildoq taranglashib, shishgan bo‘lsa va u bezovtalansa, bosh miya bosimining oshgani taxmin qilinadi. Bu holatda albatta shifokor bilan maslahatlashish zarur.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqning vazn yo‘qotishi xavflimi?
Yangi tug‘ilgan chaqaloq hayotining birinchi 4 kuni davomida 10 foiz (taxminan 200-300 gramm) vazn yo‘qotishi normal holat hisoblanib, organizmning moslashuv jarayoni hisobiga amalga oshadi. Bola hayotining 6-8-kunlariga kelib, tana vaznini asta-sekin tiklab boradi.
Emizish jarayoniga oid masalalar
Shifokorlar bolani har 1-1,5 soat oralig‘ida emizishni tavsiya etishadi. Bu vaqt oralig‘ining ona suti sifatiga ham ta’siri bo‘lib, bola uchun kerakli ozuqa to‘planadi. Emizishdan avval ko‘krak so‘rg‘ichlarini tozalab, so‘ngra bola og‘ziga tutqazish kerak. Agar emizgandan keyin go‘dak ko‘krakni qo‘yib yuborishni xohlamasa, tortib olmang. Burnini biroz qissangiz, og‘zini ochadi. Ona suti sifatli bo‘lishi uchun ayol taomnomasida foydali vitaminlarga boy mahsulotlar bo‘lishi kerak.
Chaqaloqni cho‘miltirish me’yorlari
Chaqaloq kindigi hali tushmagan bo‘lsa, cho‘miltirishni biroz keyinga qoldirish lozim. Bu holatda chaqaloqning badanini iliq suvga shimdirilgan nam paxta bilan tozalash kifoya. Kindigi to‘liq tushgach esa 37-37,5 darajali iliq suvda cho‘miltirish mumkin. Bola terisida turli toshmalar toshishining oldini olish uchun suvga moychechak damlamasidan ozroq qo‘shish tavsiya etiladi. Sovuq kunlarda chaqaloqni 2-3 kunda bir marta 8-10 daqiqa davomida cho‘miltiriladi. Suvli muolajalardan so‘ng terisiga turli yog‘lar surtmang. Chunki tayyor yog‘lar teriga turlicha ta’sir etishi mumkin.
Uyqu vaqti
Chillali chaqaloq bir kunda 4-5 martagacha uxlashi mumkin. Bu uyqu vaqtlari avvaliga uzoqroq davom etib, so‘ng asta-sekin kamayib boradi. Bolaning tungi uyqusi osuda o‘tishi uchun uni kechga yaqin cho‘miltirish tavsiya etiladi. Bordiyu go‘dak uyqusida tartibsizlik yuzaga kelsa, kun boshidan emizish va uxlatish tartibini nazorat qilish kerak.
Emizishdan keyin qayt qilish xavflimi?
Bola emib bo‘lgach, uni chayqatish, qorni bilan yotqizish mumkin emas. Uni tik ko‘targan holda biroz ushlab turish lozim. Agar emizishdan so‘ng ozroq qayt qilsa, bu xavfli emas. Bola oshqozoniga ortiqcha bo‘lganini shu tariqa chiqarib tashlaydi. Chaqaloqlarda hazm qilish faoliyati hali yaxshi rivojlanmagani bois emib bo‘lgach, qayt qilishi mumkin. Biroq tez-tez va emizish vaqtidan tashqari ham qayt qilsa, shifokorga ko‘rsatish tavsiya etiladi.
Chaqaloq tez-tez aksirsa, nima qilish kerak?
Chaqaloqlar kuniga 3-4 martagacha aksirishi mumkin. Bu jarayon bola organizmi uchun normal holat bo‘lib, ortiqcha tashvishga asos emas. Ammo aksirish burundan shilimshiq suyuqlik kelishi bilan bo‘lsa, shamollash taxmin qilinib, bolalar shifokoriga ko‘rsatish lozim.
Bolani yo‘rgaklashda ehtiyot bo‘ling
Shifokorlari chaqaloqni oyoq-qo‘llarini qattiq bog‘lab yo‘rgaklashni tavsiya etishmaydi. uyquga yotqizishda zichlab yo‘rgaklangan bolada qon aylanishi buzilishi mumkin. oyoqlarini zichlab yo‘rgaklash tos-son suyaklari rivojiga ta’sir etadi.