x

Tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar Beknazarov bolalarda tug`ma urologik kasalliklar kelib chiqishi haqida ma'lumot berdi.

— Bolalarda ko`p uchrayotgan chov churralari dori-darmon bilan tuzatsa bo`ladimi?

— Chov churralarini faqat operatsiya yo`li bilangina bartaraf etish mumkin. Hozirgi kunda bu yo`nalishda operativ davolashning bir necha usullari mavjud. Churraning katta-kichikligi, rivojlanish darajasiga qarab operatsiya usuli tanlanadi. Laparoskopiya — bu jarayonda qo`llaniladigan eng samarali usul.

— Enurez kasalligi ma'lum muddatdan so`ng tuzalib ketishi aytiladi. Shu to`g`rimi?

— Kasallikning ilk belgilari ko`ringandayoq shifokorga murojaat qilish kerak, yo`qsa, og`ir asoratlarga sabab bo`lishi mumkin. Shuning uchun tunda tagini ho`llab qo`yadigan bolalarga dashnom berish o`rniga, ularni zudlik bilan bolalar urologi ko`rigiga olib borish kerak. Chunki, enurez bodomcha bezlarda, urologik tizimda, peshob chiqarish kanali yoki qovuqda biror kasallik rivojlanayotganidan nishona bo`lishi mumkin. Hozirgi zamon tibbiyoti kasallikni o`z vaqtida aniqlab, butunlay davolash imkoniyatiga ega.

— Tug`ma urologik kasalliklar paydo bo`lishiga sabab nima?

— Ma'lumki, bolalarda kasallikning ikki xil turi uchraydi. Bular tug`ma va orttirilgan bo`ladi. Ularning ikki foizigina naslga borib taqalishi mumkin. Qolgan qismi orttirilgan kasalliklardir. Tug`ma urologik xastaliklar asosan onaning homiladorlik davrida paydo bo`ladi. Chunki, turli ruhiy, jismoniy zo`riqishlar, avvalo, o`ta sezgir bo`lgan homilaga, jumladan, to`ppa-to`g`ri uning buyrak tizimiga ta'sir qiladi.

Natijada, buyrak koptokchalari yoki kanalchalarining qisman, butunlay ishlamasligi, bitta buyrakning mutlaqo bo`lmasligi yoki buyraklarning me'yordagidan ko`proq (3-4 ta bo`lishi), qovuqning oldingi devori bo`lmaganligi sababli, oldinga chiqib qolishi kabi noxush holatlar yuzaga keladi. Buning oldini olish uchun homilador ayolni iloji boricha yuqorida ta'kidlab o`tilgan ruhiy va jismoniy zo`riqishlardan himoya qilish, dastlabki uch oy mobaynida nihoyatda asrash talab etiladi.

To Top ↑
To Top ↑