Sut tishlari qachon chiqadi va bolalar tishlarining mustahkamligini saqlash talab-qoidalari nimalardan iborat? Tibbiyot fanlari doktori Abduazim Yo`ldoshev shu kabi mavzuga oid savollarga javob berdi.
– Sut tishi chiqishining kechikishi kasallik alomatimi?
– Odatda, sut tishlari go`dakning besh-olti oyligidan boshlab chiqadi. Sut tishlar bola 11-12 yoshga etganida doimiysiga almashadi. Go`daklar uchun mo`ljallangan sutli bo`tqalar, turli aralashmalar sut tishlari chiqishini sekinlashtirishi mumkin. Ya'ni, sut tishi olti oydan o`tib yorib chiqa boshlaydi va bu kasallik emas. Bunday holatga kaliy etishmovchiligi ham sabab bo`lishi mumkin. Shu bois pediatr maslahatini olish tavsiya etiladi.
– Nima sababdan tish yuzasi qorayib qoladi? Uni ketkazish mumkinmi?
– Tish karashlari hisobiga tish oldi yuzasi va milk atrofida qorayish paydo bo`ladi. Ammo bu holat kariyes bilan bog`liq emas. Kelib chiqish sababi esa tishlarni noto`g`ri parvarish qilishdir. Tish karashlari maxsus tibbiy asbob-anjomlar yordamida tozalanadi.
– Bolalar tishini yaxshi parvarishlash uchun qanday tish pastasi va cho`tkasini tavsiya qilinadi?
– Bolalar uchun mo`ljallangan tish pastalari kattalar foydalanishi uchun ishlab chiqarilganidan tubdan farq qiladi. Bolalar tish cho`tkalari yumshoq va kalta o`lchamli bo`lib, qo`llanilganida tish yuzasida va oralig`idagi ovqat qoldiqlarini to`liq olib chiqib keta olishi kerak. Odatda, bolalar tish pastasiga meva ta'mi qo`shiladi. Tishlarni tozalash mahali bola og`izda achchiqlikni sezmasa, tish tozalashdan qochmaydi. Aksincha, kattalar tish pastasidan foydalangudek bo`lsa, tishlarni tozalash unga yoqmasligi mumkin.
– Bolajonlarning tishlari sog`lom bo`lishi uchun tavsiyalaringiz...
– Avvalo, og`iz bo`shlig`ida gigiyena qoidalariga rioya etilishi muhim. Bola tishlarini bir kunda ikki mahal tozalashga odatlanishi kerak. Taomlangandan so`ng ovqat qoldiqlari tish orasida qolib ketmasligi uchun maxsus eritmalar yordamida og`izni chayqash tavsiya etiladi. Ota-onalarga ana shu holatga e'tiborli bo`lishlarini maslahat beraman. Bola har safar ovqatlanganidan keyin og`izni chayishga odatlansa, tishlari kasallanmaydi.