Ayrim pediatrlarning ta'kidlashicha, chaqaloqni kindigi tushib ketmaguniga qadar bolani vannachada cho`miltirish mumkin emas. Boshqa pediatrlar bolani tug`ilganidanoq kindigiga qaramay bemalol cho`miltirish mumkin degan fikrda bo`ladilar. Siz o`zingiz hissiyotingizga qarab bir yo`lni tanlab olishingiz mumkin. Albatta, agar chaqaloq birinchi farzandingiz bo`lib, sizda kindik uchun biroz xavotir bo`lsa, u holda kindik tushib ketmaguncha cho`miltirmasdan yumshoq dastro`molcha bilan iliqdan issiqroq suvga botirib bola tanasini artib turing (har kuni). Kindik atrofini astalik bilan artib o`ting.
Agar yangi zamon onasi bo`lsangiz, o`zingizga ishongan va cho`miltirishga qo`rqmaydigan bo`lsangiz, u holda bemalol chaqalog`ingizni cho`miltirishingiz mumkin. Faqat cho`miltirib bo`lgach kindik va uning atrofini yumshoq salfetkada quruqlating. Bunda salfetkani badanga ishqalamasdan, asta-asta bosib kindik va uning atrofidagi namlikni shimdiring. Kindik ho`l bo`lib qolib ketishi mutloq mumkin emas.
—Cho`miltirish jarayonida bolani qanday yuvish lozim?
Bolani ishqalab yuvmaysiz albatta. Shunchaki suvni badaniga tekkizib-tekkizib, bir oz sovunlab, chayib tezda olib chiqasiz. Boshini tanasidan oldin yuvib, sovuq qotmasligi uchun artib bosh kiyim kiyg`azib qo`yish lozim.
— Yuzlarini qanday yuvish kerak?
Chaqaloq yuzi juda mayin bo`ladi. Uni cho`miltirganda emas, balki yotgan holida mayin sochiqni iliq suvga botirgan holda asta-asta artib chiqing. Ko`zlarini ham shunday sekin bosmasdan ichkaridan tashqariga qarab arting.
— Chaqaloqning quloq-burnini tozalash kerakmi?
Maxsus paxtali tayoqchalarda faqat quloq orqasini artish mumkin. Quloq ichiga tayoqchalarni tiqish ASLO mumkin emas. Burnini tozalash uchun tayoqchani burun uchiga keltirib astalik bilan tozalab chiqing. Agar burunda nimadir yig`ilgan bo`lsa, burun uchidagi tayoqchaga qisman bo`lsada ilinib chiqib kelaveradi. Ichkariga tayoqchani tiqmang.
— Qanchada chaqaloqni cho`miltirish lozim?
Qishki payt haftada ikki marta etadi. Ammo qo`ltiq, quloq orqasi, bo`yin, oyoq bukiladigan joylar, taglik kiyilgan joylar kunda yaxshilab tozalanib turilishi (ho`llangan salfetkalarda artilib) lozim. Yangi chaqaloqlarda u erlari juda mayin bo`lib, tezda bichib ketishi mumkin.
— Sovun ishlatish shartmi?
Bolaning butun badaniga sovun ishlatish shart emas. Teri ko`p chiqadigan joylariga, taglik o`rnida ishlatilsa bo`ladi. Boshini haftada bir-ikki marta sovunlasa etadi. Sovunni ishlatishdan oldin tekshirib ko`ring-bolada unga nisbatan allergiya yo`qmi? Avval bola badanining kichik bir qismini yangi sovunda yuvib 1-2 kun kuzating. Agar hech qanday toshma, qizarish bo`lmasa, demak sovun bolaga ma'qul keldi. Bolaga maxsus bolalar uchun tayyorlangan sovundan foydalaning.
—Prisipka va yog` ishlatish shartmi?
Ayrim bolalarda prisipka kukuniga allergiya bo`ladi. Qo`ltiq, tirsak bukilishi va boshqa bukilib turgan joylarga yog` surtsa bo`ladi. Lekin kosmetik yog` emas, balki o`zingiz tayyorlagan maxsus zaytun yog`idan ishlating.
—Bola cho`milayotganda qichqirib yig`laydi, nega?
Agar qichqirib yig`lashga boshqa jiddiy sabab bo`lmasa, bola yig`lashining asosiy sababi – bu uning qo`rquvidir. Bu qo`rquv ko`pincha yuvayotgan ota-onaning vahimasidan paydo bo`ladi. Yangi chaqaloqni yuvayotganda, ko`p ota-onalar vahimada bo`lib, «to`g`ri qilyapmanmi?», «yiqitib yubormayapmanmi?» degan savollar bilan o`zlari qo`rquvda bo`ladilar. Bola buni juda yaxshi sezadi. Shuning uchun o`zingiz tinchlanib, ashula kuylab, yoki bola bilan gaplashib (shirin muloyim ovozda), bolani qo`llaringizda mahkam ushlab (hayajonsiz) chaqaloqni cho`miltiring. Yana bir kichik sir – bolaning qo`liga bir kichik toza dastro`molcha qistirib qo`ying, ko`pincha shuni o`zi bola yig`lamasligi uchun kifoya bo`ladi.
Esingizda bo`lsin! Cho`miltirishdan oldin bolaning toza kiyimlarini, sochiq, taglik, salfetka va boshqa kerakli anjomlarni tayyorlab qo`ying. Bola cho`milib chiqqanda uni tezda artib, quruq qilib, tezda kiyimlarini kiyintirib qo`yish lozim.