Yangi tug`ilgan chaqaloq parvarishi ota-onalardan alohida e'tibor va mas'uliyat talab etadi. Ayniqsa, bu davrda bola suyaklarining to`g`ri rivojlanishi juda muhim. Aks holda, murg`ak organizmning sog`lom shakllanishiga to`siq bo`luvchi turli kasalliklar bosh ko`taradi. Ulardan biri raxit xastaligidir.
Ho`sh, mazkur kasallikning kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo`ladi? Uning belgilari va davolash usullari nimalardan iborat?
Raxit yangi tug`ilgan chaqaloqlar va 3 yoshgacha bo`lgan bolalar organizmining umumiy xastaligi bo`lib, "D" vitamini etishmasligi sababli yuzaga keladi. Natijada suyak to`qimalarining hosil bo`lishi, shakllanishi va ularning mineralizatsiyasi bilan bog`liq turli buzilishlar kuzatiladi.
Ma'lumki, bola organizmining benuqson rivojlanishi, xususan, suyaklarning to`g`ri o`sishi va mustahkam bo`lishi uchun kal'tsiy va fosfor elementlari juda zarur. “D” vitamini esa ushbu moddalarning ichakda so`rilishi, suyak, mushak va boshqa a'zo to`qimalariga etib borishini boshqaradi.
Agar bu vitamin etishmasa, tanada o`z-o`zidan kal'tsiy va fosforga bo`lgan ehtiyoj ham qondirilmaydi. Bu esa raxit xastaligini keltirib chiqaradi.
Kasallikning boshlanishi bolaning 3-4 oyligiga to`g`ri kelib, undagi nevrologik o`zgarishlar bilan namoyon bo`ladi. Ya'ni, go`dak ko`p bezovtalanadi. Bot-bot qaysarlik va injiqlik qiladi. Uyqu buzilishi, shovqin va yorug`likdan cho`chishi hamda ta'sirchanlik kuzatiladi. Kichkintoy ko`p terlaydi va mushak tonusi pasayadi. Natijada bolaning jismoniy rivojlanishi kechikadi. Ya'ni, u tengdoshlariga nisbatan o`tirish, emaklash va oyoqqa turishda ortda qoladi.
Bola o`z vaqtida davolanmasa, kasallik yanada zo`rayib, suyaklarda salbiy o`zgarishlar sodir bo`ladi. Ya'ni, peshona va kallasining tepa qismi turtib chiqadi, ensa sohalari yassilanadi. Umurtqa pog`onasi bukchayib, oyoq “H” yoki “O” shaklida qiyshayadi hamda yassioyoqlik rivojlanadi. Shuningdek, jajji bemorning immuniteti pasayib, yuqumli kasalliklarga ta'sirchan bo`lib qoladi.
Hatto uzoq vaqt raxit bilan og`rigan va davolanmagan bolalarning ko`krak qafasi qiyshayishi, shu bilan birga, ichga botib kirishi, qovurg`alarning yo`g`onlashuvi, kamqonlik, suyaklar yumshashi, tishlar o`z vaqtida va bir tekis chiqmasligi aniqlanadi. Hastalikning og`ir davrida esa bola ancha vaqtgacha bosh va gavdasini tuta olmaydi.
Agar ota-onalar farzandida raxit kasalligi belgilarini sezsa, darhol shifokorga murojaat qilishi zarur. Chunki ushbu xastalikni davolash alohida muolajalarni talab etadi. Kasallikning dastlabki bosqichida “D” vitamini va kal'tsiy preparatlarini qabul qilishning o`zi etarli. Ammo kasallik zo`raygan davrda uning oldini olish uchun qator tibbiy choralarni qo`llash lozim.
Hususan, zarur hollarda bolada shifokor tavsiyasi bilan uqalash muolajasi, kvarts lampasi bilan nurlantirish amaliyotlari o`tkaziladi. Ushbu davo choralari va maxsus dori-darmonlar faqat mutaxassis tavsiyasi bilangina belgilanadi.
Kasallikning oldini olish uchun bolani quyoshli kunlarda va ertalab ochiq havoda sayr qildirish, cho`miltirish, darmondorilar, jumladan, "D" vitamini berish lozim. Eng muhimi, raxitning oldini olish bilan bog`liq profilaktika ishlarini bola tug`ilmasdan oldin boshlash maqsadga muvofiq.