x

Bu holat ruhiy buzilish hisoblanib, trixotillomaniya deb ataladi. “Trixotillomaniya” yunonchadan “soch yulishga ehtiros yoki mayl sezish” degan ma'noni bildiradi. Bu ham kleptomaniya, piromaniya kabi patologik o`zgarish. Sochini yulish taxminan odamlarning 1-2 foizini tashkil etadi. Bu holat ko`pincha avtomatik xarakterga ega, ya'ni bola o`zi anglamagan holda shunday qiladi.

Bu holat kelib chiqishining asosiy sababi xavotirlik hissi, zo`riqish hissi bo`lib, bemor sochini yulganida engillik, qoniqish his etadi. Sochni yulish bolalarda 3 yoshdan boshlab kuzatilishi mumkin. Avvalida tirnog`ini tishlab, barmog`ini so`rishi, so`ng soch yulishga o`tishi mumkin. Aksariyat holatlarda jinsiy etilish oldidan yoki undan keyin ham kuzatiladi. Ko`pincha bu holat yolg`izlikda qilinadi. Trixotillomaniyaga duchor bo`lgan katta yoshdagi insonlarning 90 foizini ayollar tashkil etishadi.

Bu holatlarning aksariyatida depressiv buzilish borligi aniqlanadi. Trixotillomaniyaning diagnostikasi shundan iboratki, bemor sochini yulishni to`xtatishga ko`p bor harakat qilib ko`radi, sochini yulganidan keyin faoliyatlarini bajarishida qiyinchilik sezishi, diskomfort, ya'ni o`zini noqulay sezishi bilan birgalikda uyat hissini sezishi ham kuzatiladi. Bemor sochini yulish bilan birgalikda soch tolasini barmog`iga o`rab o`tirishi, tishi bilan tishlab o`ynashi, gohida uni yutib yuborishi ham mumkin.

Shu sababli oshqozonda sochli shish hosil bo`lib, bu ko`pincha xirurgik aralashuvga olib keladi. Kichik bolalar maktabga borganida, darsda o`tirganida, o`yin o`ynaganida bu odati esidan chiqib, bekor qolsa, zeriksa yoki xavotirlansa va asabiylashsa, bu odatni yana takrorlaydi. Bolaning trixotillomaniyaga chalinishiga unga nisbatan noto`g`ri tarbiya qo`llanilganida, masalan, ota-ona yoki buvi, buvalari qattiqqo`l, talabchan, bolaning toqatidan ortiqcha narsalar talab qilsalar yoki oilada antisotsial muhit bo`lsa, ya'ni vijdonsizlik, mas'uliyatni his qilmaslik, ma'naviy axloqsizliklar sabab bo`ladi.

Psixolog olimlarning kuzativiga qaraganda, bolaga e'tibor kuchli bo`lgan, mehr etarli darajada berilgan, axloqiy muhiti yaxshi bo`lgan oilalarda bu kabi kasalliklar kuzatilmas ekan. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu bemorlar og`riqni kuchli sezishmaydi. Aksariyat hollarda bola 13-14 yoshga kirgunicha o`tib ketadi. Ammo o`zi o`tib ketar ekan, deb bola shu ahvolga tashlab qo`yilishi kerak emas. Albatta davolanishi kerak.

Chunki bolada bu holat uzoq vaqt davom etsa, unda shaxsning patologik o`zgarishi hosil bo`lishi mumkin. Bu kabi holatlarda bolalarni urishib bo`lmaydi. Hadeb tergayverilsa, bolada kasallik yanada kuchaya boradi. Avval oila a'zolarining shaxs sifatida o`zining dunyoqarashiga o`zgartirish kiritilishi, bolaga bo`lgan munosabati yumshatilishi, mehr berilishi, e'tibor qilinishi kerak.

Bu kabi holatlarda psixoterapiyaning har turli variantlari qo`llanilishi mumkin. Bunday bemorni psixoterapevt shifokori davolaydi.

To Top ↑
To Top ↑