x

Bugun innovatsiyalar davrida yashayapmiz. Yangi ixtiro va kashfiyotlar insonlar mushkulini osonlashtirishga qaratilgan. Biroq “elektron dastyor”larning foydasi bilan birga ziyoni ham katta.

Masalan, yangi asrda insoniyatning jismoniy faolligi keskin cheklandi. Kam harakatlilik esa qator xavfli kasalliklar rivojlanishi uchun omil bo`lmoqda.

Ustiga-ustak, noto`g`ri ovqatlanish, xususan, “fast-fud”, yarim tayyor mahsulotlar, gazlangan ichimliklarning keng ommalashishi sog`lom turmush tarzini izdan chiqaryapti.

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining navbatdagi hisoboti ayni shu global muammoga bag`ishlandi. U hududdagi 33 mamlakatdan to`plangan tahlillarga asoslangan. Tadqiqotda 6 yoshdan 9 yoshgacha bo`lgan qariyb 411 ming nafar bola ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, mintaqada yashovchi maktab yoshidagi har uch o`g`il-qizdan biri ortiqcha vazn yoki semizlikdan aziyat chekmoqda. Qator mamlakatlarda bu ko`rsatkich yanada yuqori.

Aniqroq aytganda, 7-9 yoshli bolalarning 29 foizi xuddi shu muammoga duchor bo`lgan. Vazn ortishi holatlari qizlarga nisbatan o`g`il bolalar orasida yuqori.

Bularning barchasi yosh avlod o`rtasida yurak-qon tomir, qandli diabet, saraton kabi xavfli kasalliklarning rivojlanishi uchun imkon yaratmoqda.

“Biz bu xavotirli ko`rsatkichlarni kamaytirish bo`yicha yanada faolroq harakat qilishimiz kerak, — deydi JSST vakili K. Vikramasingx. — Vaziyatni o`nglash uchun esa bizga samarali strategiyalar zarur".

To Top ↑
To Top ↑