Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti dunyoda tug`ilish ko`rsatkichlari sezilarli darajada pasayganiga doir statistikani e'lon qildi. Unga ko`ra, ushbu muammoning kelib chiqishi asosan koronavirus pandemiyasi bilan bog`liq.
Hususan, kasallikni jilovlash maqsadida qo`llanilgan qat'iy karantin cheklovlari va “lokdaun” qoidalari chaqloqlar dunyoga kelishini keskin kamaytirdi.
Ya'ni bu davrda tibbiyot muassasalarining yuklama bilan ishlashi, homiladorlik davrida xastalikni yuqtirishdan kuchli qo`rquv va iqtisodiy muammolar aksariyat ota-onalarni farzandli bo`lish rejasidan vaqtincha voz kechishga undadi.
JSSTning dastlabki hisob-kitoblariga ko`ra, bu borada Boltiqbo`yi mamlakatlari va Ruminiyada shiddatli pasayish dinamikasi qayd etilib, ko`rsatkichlar mos ravishda 28 va 23 foizni tashkil etdi. Yevropa Ittifoqining qolgan davlatlarida esa kamayish holatlari 14 foizga etdi.
Tashkilot ekspertlari xulosasiga ko`ra, koronavirus cheklovlari qancha uzoq davom etsa, bolalar tug`ilishi ham shuncha ozayaveradi.
Shunga qaramay, bu global muammo Shvetsiyani butunlay cheklab o`tgani bejiz emas. Chunki bu erda COVID-19 epidemiyasi u qadar katta talafot va yo`qotishlarni keltirib chiqarmadi. Shu sababli rasmiylar mamlakatda qat'iy karantin choralarini joriy qilmadi.
Binobarin, o`tgan yil davomida Buyuk Britaniyada tug`uruqlar soni 13 foiz, Shotlandiya va Frantsiyada 14 foiz hamda Ispaniyada 23 foizga kamaygan.