x

Ko`plab kasalliklarning shakllanishi insonlarning bolalik davri bilan bevosita bog`liq. Hususan, o`g`il-qizlardagi duduqlanish yoki nutqiy buzilishlarga o`z vaqtida e'tibor qaratilmasa, bir umrlik nuqsonlarga sabab bo`lishi mumkin.

Ho`sh, duduqlanish qanday xastalik? Uning oldini olish uchun nima qilish lozim?

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining shu kabi savollariga 1-son Toshkent shahar bolalar klinik shifoxonasi bosh shifokori Mavluda Tabibova javob berdi:

— Duduqlanish — bolalarda ko`p uchraydigan psixofiziologik murakkab nutq buzilishi, — deydi shifokor. — Bu holat tovushlar, bo`g`inlar yoki so`zlarning takrorlanishi hamda cho`zilishi shaklida namoyon bo`ladi. Nutqda tez-tez to`xtash yoki qat'iyatsizlik kuzatiladi.

Hususan, bola ayrim so`zlarni aytishdan oldin unli tovushlarga ko`proq to`xtaladi. So`z va gaplarni aytayotganda o`zi sezmagan holda majburan tutiladi. Gap boshida so`zning birinchi bo`g`ini yoki o`zini to`liq qaytaradi. Gap boshlashdan oldin esa so`zning birinchi harfini takrorlab qiynaladi. Qolaversa, ularda ichki duduqlanish ham uchraydi. Bunday paytda bola nima deyish kerakligini biladi-yu, ammo tiliga chiqara olmaydi.

Nutq buzilishi tug`ma yoki orttirilgan bo`lib, asosan 2 yoshdan 5 yoshgacha bo`lgan kichkintoylarda uchraydi. Shu bilan birga, bu muammo o`g`il bolalarda qizlarga qaraganda uch baravar ko`proq tashxis qilinadi.

Duduqlanishning rivojlanishida genetik moyillik muhim rol' o`ynaydi. Biroq homiladorlik paytida ayollarning o`z salomatligiga etarlicha e'tibor bermasligi, ayniqsa, gripp va shamollash kabi virusli kasalliklardan to`liq davolanmaslik, turli dori vositalarini o`zboshimchalik bilan qabul qilish, onalarning zararli illatlarga ruju qo`yishi, tug`uruq davrida bola miyasining lat eyishi ham ularda duduqlanishga sabab bo`lishi mumkin.

Shuningdek:

— bola tug`ilganidan keyin to uch yoshga to`lgunga qadar og`ir infektsion va endokrin kasalliklarga chalinishi;

— qattiq qo`rquv;

— ota-onalarning yosh farzandi oldida baland ovozda janjallashishi;

— jismoniy va ruhiy zo`riqishlar;

— turli miya shikastlanishlari va boshqalar ham bu muammoni keltirib chiqaradi.

Bundan tashqari, oiladagi qat'iy nazorat, kichkintoylarga haddan ortiq talabchanlik qilish ham ularda duduqlanishga sabab bo`lishi mumkin. Ayrim ota-onalar esa jajji o`g`il-qizlariga kichikligidan aqliy yuklamlarni ko`paytirib, uzundan uzun she'rlar yodlashga, qiyin so`z va bo`g`inlarni talaffuz qilishga, xorij tillarini o`rganishga majburlashadi. Bu ham kichkintoylarda nutqning buzilishiga olib keladi.

Agar bolada duduqlanish kuzatilayotgan bo`lsa, logoped yoki psixonevrolog kabi mutaxassis-shifokorlarga murojaat qilish lozim. Davolash muolajalari qancha erta boshlansa, kichikintoy shuncha tez va asoratsiz shifo topadi.

Shu bilan birga, maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyachilar, oilada esa ota-onalar duduqlanuvchi bolaga to`g`ri, mustaqil va ravon so`zlashi uchun imkon yaratib berishi maqsadga muvofiq. Ayniqsa, farzandning nutqi rivojlanayotgan davrda ularga ehtiyotkor munosabatda bo`lish, salomatligiga doimiy e'tibor qaratish muhim.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati.

To Top ↑
To Top ↑