x

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko`ra, har yili sayyoramiz bo`yicha har yuz ming chaqaloqdan 6-10 nafari tug`ma yurak nuqsoni bilan dunyoga keladi. Quyida bu xastalikning oldini olish, erta aniqlash va bemor bolalarni darddan forig` etish masalalari yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligining bolalar kardioxirurgiyasi bo`yicha bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori, professor Hakimjon Abrolovning fikrlarini e'tiboringizga havola etamiz.

Ta'kidlanishicha tug`ma yurak nuqsonlari yoki umuman tug`ma anomaliyalarning rivojlanishiga, asosan, oltita faktor ta'sir qiladi. Ular quyidagilardan iborat:
— homilador ayollardagi anemiya;
— ayolning surunkali yoki o`tkir infektsiyali kasalligi;
— virusli kasalliklar;
— garmonal faktor;
— neyrogumoral faktor;
— yaqin qarindoshlar o`rtasidagi nikoh.

Kamqonlik, homiladorlikning dastlabki uch oyligida ayolning grippga chalinishi va bunga qarshi davolanmasligi, qolaversa, buyrak va boshqa a'zolardagi surunkali xastaliklar, onada uchraydigan turli infektsiyalar va virusli kasalliklar homilaning sog`lom rivojlanishiga imkon bermaydi. Natijada, bolada tug`ma nuqsonlar paydo bo`lishi mumkin.
Bu muammoning oldini olish uchun homiladorlikni rejalashtirishdan oldin bo`lajak ota-ona tor mutaxassislar ko`rigidan o`tib, kasallik aniqlansa, davolanishi lozim. Buning uchun oilada tibbiy madaniyat yuqori bo`lishi kerak.

Shuningdek, bolalarda tug`ma yurak nuqsonlarini erta aniqlashning eng samarali yo`li homilador ayollarni skrining ko`rigiga o`z vaqtida jalb etishdir.

"Bugungi kunda mamlakatimizda ona-bola skrining xizmati rivojlanib borayapti. Qolaversa, tug`ruq majmualarida har bir chaqaloq chuqur ko`rikdan o`tkaziladi. Bolada tug`ma nuqson bo`lsa, shu erning o`zida aniqlash imkoni mavjud.
Keyinchalik bola toki sog`aygunicha tegishli mutaxassislarning doimiy kuzatuviga, shuningdek, ixtisoslashgan bo`limlarga etkazilib, chuqur invaziv tekshirishlar o`tkaziladi.
Bundan maqsad — boladagi tug`ma yurak nuqsonlarining turini, asorat darajasi va eng muhimi, optimal davolash taktikasini belgilab olishdir", — deydi professor Hakimjon Abrolov.

To Top ↑
To Top ↑