Bugungi kunda ko‘plab bolalar va yoshlar ekrandan ko‘p foydalanish, elektron qurilmalar “vabo”siga duch kelishmoqda. Ushbu omillar ularning ko‘rish qobiliyatiga xavf solishi mumkin. Ko‘rish qobiliyatini himoya qilish uchun quyidagi tavsiyalar mutaxassislar tomonidan maslahat beriladi.
20-20-20 qoidasi
Ekrandan ko‘p foydalanish bosh og‘rig‘i, ko‘rish xiralashuvi, ko‘z qurishi kabi asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Zo‘riqishning oldini olish uchun 20-20-20 qoidasi samarali uslublardan hisoblanadi. Ya’ni, har 20 daqiqalik ekran faoliyatidan so‘ng 20 daqiqa tanaffus qilish va 20 metr uzoqlikdagi obyektlarga e’tibor qaratish tavsiya etiladi. Ushbu amaliyot ko‘z mushaklarini bo‘shashtirib, zararlanish xavfini kamaytiradi.
Ochiq havo
Mutaxassislarga ko‘ra, ochiq havodagi mashg‘ulotlar sog‘lom ko‘rish qobiliyatini saqlashga hissa qo‘shadi. Tashqi muhitda tabiiy yorug‘lik, turli xil masofalar, turfa ranglar, ko‘z sog‘ligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
To‘g‘ri yoritish
Ko‘z charchoqlarini oldini olish uchun yetarli yorug‘lik muhim ahamiyat kasb etadi. Bola o‘qish vaqtida yoritish tizimi to‘g‘ri va yetarli darajada ekanligiga ishonch hosil qiling.
Balansli ovqatlanish
Bolalarni A, C va e vitaminlari, shuningdek, rux va omega-3 kabi minerallarga boy oziq-ovqatlarni iste’mol qilishga undash zarur. Ushbu oziq moddalar ko‘rishni sog‘lom tarzda ushlab turish, quruqlashuv va shabko‘rlikni oldini olishda yordam beradi.
Masofani saqlash
Har qanday ekranlardan foydalanish vaqtida to‘g‘ri masofani ushlash muhimdir. Uzoqlik va yorqinlik normal darajada bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, noto‘g‘ri o‘tirish ham ko‘z hujayralarini zo‘riqishiga olib kelish xavfi mavjud.
Muntazam tekshiruvlar
Bolalarda ko‘rish bilan muammo bo‘lmasa-da ularni oftalmolog ko‘rigidan muntazam ravishda o‘tkazib turish tavsiya etiladi. Ushbu holat kasalliklarni oldini olish yoki ularni avj olmasdan turib bartaraf etish imkonini beradi.