O`zbekistonda eng kamida 65 nafar bolaning o`limiga sababchi ekani aytilayotgan “Dok-1 Maks” siropi bo`yicha asosiy aybdorlardan biri sifatida sudlanayotgan Farmatsevtika agentligining sobiq rahbari S.K. gumonlanuvchilarning hech birida ayb yo`qligini aytmoqda. Bu haqda u sud majlisida gapirib o`tdi, deya xabar berdi “Daryo” jurnalisti.
Sobiq rahbar bu haqida unga savol bergan jabrlanuvchi, Mahbuba Usmonovaga gapirib berdi.
Sud tergovi qanday fikrda ekanini bilmadim-u, men bu erda o`tirgan sudlanuvchilarni o`sha paytdagi rahbar sifatida aybdor deb hisoblamayman. Hammasi o`z ishini qilgan. Ya'ni farmakopiyadagi xodim ham xalqaro standart asosida dorini tasdiqlagan. Bu (“Dok-1 Maks” siropining qayta ro`yxatdan o`tishi nazarda tutilmoqda) 2012 yilda ham shu xalqaro standart bo`yicha tasdiqlangan. 2017 yilda ham xuddi shunday tasdiqlangan. Yo`q, hozir sen va shu erda o`tirganlar aybdorsan deyilsa, unda bu dorini 2012 yilda, 2017 yilda ro`yxatdan o`tkazganlar ham (“Dok-1 Maks” siropi dastlab O`zbekistonga 2012 yilda kirib kelgan) javob berishi kerak bo`ladi. 2012 yilda bu dorini tasdiqlagan rahbar ham, xodim ham boshqa bo`lgan. 2017 yilda ham xuddi shunday. Ammo ular va biz bitta xalqaro standart bo`yicha dorini tasdiqlaganmiz, — dedi bu haqda gapirgan sudlanuvchi.
Sudlanuvchining bu gapidan kelib chiqib savol bergan jabrlanuvchi Mahbuba Usmonova “Dorida zahar borligi keyin aniqlandi-ku, nega shuni o`z vaqtida tekshirib ko`rmadilaringiz? Bunchalik loqaydlikka yo`l qo`ydilaringiz?”, deya savol berdi.
O`zbekistonda yiliga mingdan ortiq dori vositalari davlat ro`yxatidan o`tkaziladi. Shu sabab mana bu dorini mana bu tartib bo`yicha ro`yxatdan o`tkazasan, deya xalqaro standart qabul qilingan. Farmakopiyaning xalqaro standartini biznikilar ham (O`zbekiston ham deyilmoqda — tahririyat izohi) qabul qilishgan. Lekin u erdagi xatoni oladigan bo`lsangiz, boshiga, 90 yillarga qaytib farmakopiyani tasdiqlagan, Britaniyada o`tirgan fan doktorini bu yoqqa olib kelib qo`yib, nega sen o`sha paytda bunday xato qilgansan, deyishimiz kerak bo`ladi, — dedi sudlanuvchi.
Farmatsevtika agentligining sobiq rahbariga ko`ra, u va uning sudlanayotgan jamoasi O`zbekiston farmatsevtikasida ko`p yangiliklarni amalga oshirgan.
O`z vaqtida davlat rahbariga kirib, “Hurmatli prezident inspeksion tekshiruv tartibini majburiy qilaylik, chet elliklarga ishonmaylik, o`zimiz qilaylik deb”, inspeksion tekshiruv tartibini yo`lga qo`ydik. Shaxsan men o`z ishimga sovuqqonlik qildim deb o`ylamayman. Nimadir qilolmay qolgandirman, ammo bu ishimga sovuqqonlik emas. Shu erda o`tirgan ommaviy axborot vositalari hamda jabrlanuvchilarga aytmoqchimanki, sudlanayotganlar qasddan shu xatoni qilgan deyish xato, — dedi sudlanuvchi sobiq rahbar.
Eslatib o`tamiz, “Dok-1 Maks” sudi majlislarida qatnashib so`z olgan bir nechta sudlanuvchi va mutaxassis guvohlar “Dok-1 Maks” siropi qayta ro`yxatdan o`tkazilayotgan paytda ham xalqaro standart asosida tekshiruvdan o`tkazilganini, shu sabab sirop tarkibidagi zaharli modda aniqlanmaganini bildirgandi. Ularning aytishicha, nafaqat “Dok-1 Maks” tarkibi, O`zbekistonga kirib kelayotgan boshqa dorilar tarkibi ham xalqaro standart asosida tekshirilsa, undagi zaharli moddani aniqlab bo`lmaydi. Qachonki, qo`shimcha tekshiruv qilinsa, zaharli dorining O`zbekistonga kirib kelishiga to`sqinlik qilish mumkin.