Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 14 noyabr' kuni bo`lib o`tgan navbatdagi majlisda sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov hisobot berib, “Dok-1 Maks” voqeasiga to`xtalib o`tdi.
“Dok-1 Maks” bilan bog`liq sud ishida vazirga voqealar sodir bo`lishidan avval bolalarda buyrak etishmovchiligi kuzatilgani haqidagi ma'lumot berilgani, ammo vazirgacha etib bormagani aytilgan. Sudda ushbu holatga javob qaytargan vazir o`rinbosari Elmira Bositxonova guvohning bu gapini inkor qilgandi.
“O`sha vaqtda men vazirning birinchi o`rinbosari bo`lganman. Birinchi o`rinbosar bo`la turib, xabarni kech eshitganman. Buni ochiq tan olib aytyapman.
O`tgan yilning 23—24 dekabr' kunlari voqeani eshitib, darhol shug`ullanganman. 2023 yilning 10 yanvariga qadar 17 ming nafar hamshira va brigadalarimiz xonadonma-xonadon yurib, sirop va preparatlarni yig`ib oldi.
O`sha vaqtda prezidentimiz topshirig`iga ko`ra huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari ham ushbu masalada ish boshlagan edi. Idora xodimlari barcha dorixonalarni inventarizatsiya qilib, siroplarni yig`ishtirib oldi, biz esa xonadonlardan yig`dik. Holat bittada to`xtatildi”, — dedi Amrillo Inoyatov.
Uning qo`shimcha qilishicha, 100 nafarga yaqin bolani hududlardan yig`ib olib kelib, Bolalar milliy markaziga va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga joylashtirilgan.
“Samarqand viloyatidagi bosh shifokor masalani ko`tarib, bu preparatdan ekani haqidagi axborot bizga etib kelgunga qadar shifokorlarimiz boshqa kasallik bo`yicha tashxis qo`yib ishlashgan.
Odatda bolalarda o`tkir buyrak etishmovchiligi gripp va o`tkir ichak kasalliklarini asorati sifatida keladi. Bemor bolalar shunga mos ravishda protokol bo`yicha davolagan. Shifokorlarimiz preparatdan zaharlanish bo`lganini bilmagan. Agar bilganida yondashuv mutlaqo boshqacha bo`lib, har bir bolani hayotini saqlab qolish mumkin edi”, — dedi sog`liqni saqlash vaziri.
Palata majlisida deputat Doniyor G`aniyev “Dok-1 Maks” voqeasidan keyin siyosiy javobgarlik ko`rmayotganini aytgan edi. Bunga javoban vazir Amrillo Inoyatov deputatning e'tirozlarini 100 foiz qabul qilishi va biror bahona qilishga asosi yo`qligini bildirgan.
Avvalroq “Bolalarga yod dozadan ortiq berilgan” — Amrillo Inoyatov “Antistrumin” voqeasi yuzasidan izoh bergandi.