x

Ona suti — go`dakning sog`lom ulg`ayishida bebaho ozuqa. Uning tarkibida chaqaloqlarni yuqumli xastaliklardan himoyalovchi immun tanachalar, hazm jarayonini yaxshilovchi fermentlar hamda boshqa ko`plab foydali elementlar mavjud.

Ammo bari bir ertami-kech emizikli ayollar bolakayni ona sutidan ajratish bilan to`qnash keladi. Ba'zi kichkintoylar bu davrdan oson o`tsalar, ayrimlarda esa o`rgangan odatidan voz kechish biroz qiyin kechadi.

Ho`sh, bu vaziyatda onalar qanday yo`l tutishlari lozim?

Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Natal'ya Nodirxonova javob berdi.

— Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko`ra, bolani 6 oygacha ko`krak suti bilan parvarishlash shart, — deydi mutaxassis. — Agar go`dak 2 yoshgacha emizilsa, u turli kasalliklardan himoyalanadi.

Bunday bolalarning jismoniy va aqliy salohiyati yaxshi rivojlanadi. Shu bilan birga, immuniteti mustahkam bo`lib, ularning qandli diabet, leykoz, me'da faoliyati bilan bog`liq turli xil kasalliklarga chalinish xavfi nisbatan kamayadi.

Afsuski, ba'zi ayollar 1 yoshdan o`tgandan keyin bolani emizish befoyda deb o`ylaydi. Vaholanki, aynan 1 va 2 yosh oralig`ida kichkintoy organizmi uchun ona suti juda zarur. Shu sababdan har doim ularga bu paytda o`z farzandlarini ko`krak suti bilan oziqlantirishi lozimligini uqtiramiz.

Kichkintoyni ko`krakdan ajratish ona va bolaning o`zaro munosabatlaridagi muhim bosqich. Shu bois masalaga ancha ehtiyotkor yondashish lozim.

Misol uchun, unga qo`shimcha ovqat berishni 6-8 oylikdan boshlab, bu vaqtda emizishlar sonini asta-sekin kamaytirib borish, buning o`rniga esa oz-ozdan qo`shimcha ovqat berib borilishi maqsadga muvofiq. Bu esa go`dakni ona sutidan ajralishini osonlashtiradi.

Shu bilan birga, kichkintoyning e'tiborini boshqa narsalarga jalb etish, u bilan ko`proq jismoniy va psixologik aloqada bo`lish zarur. Ko`pi bilan ikki hafta mobaynida sutdan chiqarishga erishish mumkin.

Go`dak injiqlanib, emishni istasa, unga tayyor bo`tqa, nimtatir shirin choy yoki mevali sharbatlar berish tavsiya etiladi.

Ko`pchilik onalar dilbandini yaqin qarindoshinikiga berib, uni emizishdan chiqarmoqchi bo`ladi. Biroq bu unchalik to`g`ri usul emas. Aksincha, dilbandining yonida bo`lib, kichkintoy hayotidagi bu o`zgarishni u bilan birga qarshi olish farzandning kelajak hayoti uchun muhim.

Eng yaxshi muddat bolani kuz va bahor faslida ko`rak sutidan ajratish mumkin. Yozda esa ona suti bolakayni turli xil me'da infektsiyalaridan himoyalaydi.

To Top ↑
To Top ↑