x

Tanzila Norboyeva 24 avgust kuni Oliy Majlis Senatining qirq to`rtinchi yalpi majlisida Namangan shahri aholisi uchun alohida perinatal markaz tashkil etish masalasini ko`tardi.

Uning qayd etishicha, bugungi kunda aholisi soni 1 millionga yaqinlashgan Namangan shahrida  4 ta tug`uruqxona faoliyat yuritmoqda. Viloyat perinatal markazi ham shu hisobda (250 o`rinli).

Shahar aholisi, jumladan, tug`ish yoshidagi ayollar soni esa muttasil o`sib bormoqda (170 ming nafar). O`tgan yilda shaharda umumiy tug`uruqlar soni 20 mingdan ortiqni tashkil etgan bo`lsa, 2023 yilning 6 oyida salkam 12 mingtaga etgan. Bular orasida erta tug`uruqlar ham bor (2022 yilda – 1 300 ta, 2023 yil 6 oyida – 539 ta).

Aynan erta tug`uruqlar sonining ko`pligi, qolaversa, shahar bolalar shifoxonasidagi neonotologiya (kam vaznli chaqaloqlarni parvarish qilish) bo`limi ortiqcha yuklama bilan ishlayotgani sababli shahar tug`uruq kompleksi negizida alohida perinatal markaz tashkil etish taklifi bildirilgan.

“Fikrimizcha, Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur masalani atroflicha o`rganib, xulosa berishi zarur. To`g`ri, shahar hududida viloyat perinatal markazi ham joylashgan. Lekin sig`im jihatdan bugungi talabga javob beradimi, degan savol tug`iladi.

Yuqorida aytganimdek, ehtiyoj yildan yilga o`sib bormoqda. Aniq, ob'ektiv holatni to`liq ochib beradigan xulosa kerak”, — dedi Senat raisi.

“Mana shunday perinatal markazlarini tashkil qilish masalalarining ahamiyati asoratli tug`uruqlar va nogironlikning oldini olishda nihoyatda katta. Aynan mana shu masala davlatimizda katta ustuvor vazifa etib belgilangan. Shuning uchun perinatal markazlarini e'tibordan chetda qoldirish mumkin emas”,  — deydi Tanzila Norboyeva.

Uning bildirishicha, ushbu ob'ektni 2024 yildagi O`zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritish masalasining Sog`liqni saqlash hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari tomonidan ijobiy hal etilishi maqsadga muvofiq.

To Top ↑
To Top ↑