Ha, ota-onadan tug‘ilgan har bir farzand sog‘lom bo‘lishi uchun u avvalo to‘laqonli emizishga muhtojdir. Bu o‘ta muhim ish esa uning ota-onasining vazifasidir. Ona bolani emizadi. Onani nafaqa bilan ta’minlab turish, bolani emizishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish esa otaning vazifasi. Shar’iy uzr sababli ona emiza olmasa, emizuvchi topish va uni rozi qilish ham otaning ishi hisoblanadi.
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
«Onalar farzandlarini to‘liq ikki yil emizurlar. (Bu) emizishni batamom qilmoqchi bo‘lgan kishi uchundir» (233–oyat).
Go‘dakning haqlaridan biri va onalarning eng moʻtabar vazifasi farzandni ikki yil emizishdir. Yangi tug‘ilgan go‘dakning jismi va ruhi sog‘lom o‘sishiga onasining sutidan afzal ozuqa yo‘q.
Hozirgi paytda ilmiy tekshirishlardan so‘ng «Go‘dak bola uchun eng yaxshi ozuqa onaning sutidir va uni to‘liq ikki yil emizish kerak», degan gapni aytishmoqda.
Tarixdan ma’lumki, dunyoga dovrug‘ solgan aksariyat buyuk allomalarga, fozilu ulamolarga bolalik paytida otalari harom kasb bilan topilgan biror luqma ham taom yedirmagan, onalari ularni betahorat emizishmagan.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf «Sog‘lom bola» kitobidan.