Bolalarni ona suti bilan katta qilish uning salomatligi uchun juda muhim ahamiyatga ega. Lekin shunday bo`lsa-da, bugun dunyoga kelayotgan chaqaloqlarning faqatgina yarmidan kamrog`i to`liq ona suti bilan katta bo`lyapti. Sun'iy sut bilan oziqlantirish esa huddiki muammoning echimi sifatida ommalashyapti.
Bolani ona suti bilan boqish beqiyos darajada foydali va uning ahamiyatini boshqa narsa bilan solishtirish qiyin. Ona suti bolaning to`la potentsialda rivojlanishini, immuniteti mustahkam bo`lishi, kerakli vitaminlarni olishini ta'minlaydi. Uni keyinchalik turli infektsiyalarga chalinishdan, ortiqcha vazn va surunkali kasalliklarga duchor bo`lishdan himoya qiladi.
Biroq, afsuski, bugun har ikki chaqaloqdan faqat biriga tug`ilganining ilk soatida ko`krak tutiladi, dunyo bo`yicha chaqaloqlarning yarmidan kamrog`igina to 6 oylikkacha to`liq ona suti bilan oziqlanadi. Vaholanki, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko`ra, bolani 6 oylikkacha faqat ona suti bilan oziqlantirish lozim.
O`zbekistonda vaziyat qanday?
2022 yil sentyabrgacha faqat byudjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga “dekret” puli byudjetdan to`lanardi. Hususiy sektorda ishlovchi ayollarga esa homiladorlik va tug`ish nafaqasi to`lash ish beruvchi zimmasiga yuklangandi. Shu sabab xususiy sektordagi ayollar “dekret”ga chiqish vaqti ish o`rnidan ham ajralishlari mumkin edi. O`tgan yili sentyabrdan boshlab, bu masala hal bo`ldi: xususiy sektorda band ayollar uchun homiladorlik nafaqasining bir qismi (oyiga qariyb 2 mln so`m) byudjetdan to`lanmoqda. Shunda ayol davlatdan 4 oylik nafaqa – 8 mln so`m oladi.
Bundan tashqari, O`zbekistonda ham ona sutining o`rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasi ham qonun bilan taqiqlangan.
2019 yilda qabul qilingan ona suti bilan oziqlantirishni qo`llab-quvvatlashga oid qonunga ko`ra, go`daklar va kichik yoshdagi bolalar uchun ona sutining o`rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilishga yo`l qo`yilmaydi.
Ona sutining o`rnini bosuvchi mahsulotlar to`g`risidagi har qanday axborot ona sutining, shuningdek go`dakni olti oygacha oziqlantirishda boshqa taomdan yoki ichimlikdan, shu jumladan suvdan foydalanmasdan faqat ona suti bilan oziqlantirishning foydasi va afzalligi to`g`risidagi ko`rsatmani o`z ichiga olgan bo`lishi kerak.
Bola hayotining birinchi yili mobaynida uning ratsioniga kiritilgan qo`shimcha ovqat mahsulotlari reklamasida bunday mahsulotlar qo`llanishining yoshga doir cheklovlari to`g`risidagi ma'lumotlar hamda mutaxassislarning maslahati zarurligi haqidagi ogohlantirish bo`lishi kerak.
Emiziklilar uchun sharoit bo`lishi lozim
Ayni shu qonunga ko`ra, go`daklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat muassasalari hamda tashkilotlarida, shuningdek avtovokzallar, aeroportlar va temiryo`l vokzallarida, madaniy-ko`ngilochar muassasalarda maxsus ajratilgan joylar tashkil etilishi kerak.
Bunday maxsus joylar haligacha aksar binolarda yo`q. Buning qiyinchiligini bolasini ona suti bilan oziqlantiradigan aksar onalar boshidan o`tkazgan bo`lsa kerak.
Bundan tashqari, qonunda emizikli onalarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash bo`yicha choralar ko`rish, shuningdek ular uchun qulay mehnat va o`qish sharoitlarini yaratish lozimligi ham qayd etilgan ekan. Lekin real hayotda biror ishxonada yoki OTMda maxsus emizish xonalari borligi haqida bilasizmi?Albatta, sharoit haminqadarligi va sun'iy sut ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning ayyorona marketinglari – o`z yo`liga. Bolaning sog`ligi uchun, avvalo, ota-ona javobgar va mas'uliyatlidir. Shuning uchun bolaga eng yaxshisini ravo ko`rishga harakat qilish lozim. Hukumat ham bolalari sog`lom bo`lib ulg`ayishi uchun mas'uliyatli ekanini unutmasligi kerak.