Tishlar yorib chiqmoqda – bu hatto quloqqa ham og`riqli eshitiladi. Darhaqiqat, chaqaloqlarning tishlari chiqa boshlaganda og`rishi tabiiy.
Ko`p chaqaloqlar yaxshi uxlamaydi, yig`laydi, hatto tana harorati ham ko`tarilishi mumkin. Ammo chaqaloqlarning sut tishlari chiqishining boshqa belgilari ham bor.
Sut tishlari odatda 5-7oyligidan boshlab chiqa boshlaydi. Lekin jarayon erta – 2-3 oyligida boshlanishi mumkin, ba'zilariniki kechroq – bir yosh bo`lganda, ayrim bolalar hatto tishlari bilan tug`iladi. Sut tishlari 20 tasi 2,5-3 yoshga qadar to`liq chiqadi.
Tishlarning chiqishi fiziologik jarayon bo`lsa-da, bola va uning ota-onasi uchun haqiqiy sinovdir. Yaqindagina qorin dam bo`lishini boshdan kechirgan, ovqatlanish va uyqu tartibli bo`la boshlaganda to`satdan chaqaloq yana bezovtalana boshlaydi.
Tish chiqishining birinchi belgilari:
Milk shishishi, qizarishi va og`rishi. To`qimalar siqilishi natijasida o`rta qismda ozgina ko`karish bo`lishi mumkin.
Ko`p so`lak ajralishi. Ortiqcha so`lak burun va halqum bo`shlig`iga o`tishi natijasida burun oqishi, yo`tal paydo bo`lishga olib keladi. Kekirish, qayt qilish ko`payishi mumkin. Ko`pincha og`iz atrofida toshmalar paydo bo`ladi.
Ishtahaning pasayishi yoki ovqatdan butunlay voz kechadi.
Bola tez-tez sababsiz yig`laydi, uyqusida bezovtalik ortadi.
Og`iz bo`shlig`idagi yallig`lanish jarayoni tufayli tana harorati ko`tariladi, bu me'yor hisoblanadi. Faqatgina jarayon uch kundan ortiq davom etmasligi, harorat 38,5 dan oshmasligi kerak. Shunda bolaning umumiy ahvoli zarar ko`rmaydi.