Bolalar milliy tibbiyot markazi — O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan mega loyihalardan biri. Jahon standartlariga to`liq javob beradigan mazkur muassasa ishga tushirilganiga 3 yildan oshdi.
O`tgan davrda markazning kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, ortopediya va plastik xirurgiya, umumiy xirurgiya, onkologiya, oftal'mologiya, LOR, pediatriya, gemodializ hamda reanimatsiya bo`limlarida ko`plab yangi diagnostika hamda davolash usullari amaliyotga tatbiq etildi, deb xabar berdi Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Hozir shifo maskani mutaxassislari tomonidan yiliga 3000 ga yaqin, xususan, yaqin yillargacha faqat ilg`or xorijiy mamlakatlarda amalga oshirib kelingan murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlari yuksak mahorat bilan o`tkazilmoqda.
Muhimi, qo`llanilayotgan kam invaziv davolash usullari bemorlarni qisqa muddatda va asoratsiz oyoqqa turg`azishga qaratilgan.
Jumladan, yaqinda Prezidentimiz topshirig`i asosida tug`ma yurak nuqsoni bor 2000 nafar bemor bolada davlat hisobidan jarrohlik amaliyotlarini bajarish uchun 64 mlrd. so`mdan ziyod mablag` ajratilgan edi.
Bolalar milliy tibbiyot markazi ham ushbu xayrli ishga hissa qo`shib, bu erda aprel'-may oylarida 150 nafar bola endovaskulyar operatsiyalar orqali sog`lomlashtirildi.
— Bunday yuqori texnologik muolaja usulida jajji bemorlarning shifoxonada qolish muddati 2-3 kunga kamayadi, — deydi Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Maksud Saidov. — Operatsiya hech qanday kesmalarsiz, tomirlardagi 1,5-2 mm teshikchalar orqali o`tkaziladi. Kosmetik nuqsonlar qolmay, reabilitatsiya davri 6-9 oydan 10-15 kungacha qisqaradi va bemorlarning tezroq oyoqqa turishi ta'minlanadi.
Markazimizda birgina may oyida tug`ma yurak nuqsonli o`g`il-qizlarda endovaskulyar usulda 86 ta jarrohlik amaliyoti bajarilib, bu ko`rsatkich buyicha O`rta Osiyo hamda Hamdo`stlik davlatlari ixtisoslashtirilgan markazlari o`rtasida etakchilikka erishildi.
Qolaversa, yurakning qorinchalararo to`siq nuqsonini endovaskulyar usulda bartaraf etish bo`yicha MDHdagi eng nufuzli tibbiyot muassasalari — Rossiyaning E.N.Meshalkin nomidagi hamda A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazlarining har birida shu yil boshidan buyon 25 tagacha operatsiya o`tkazilgan bo`lsa, Bolalar milliy tibbiyot markazida bu ko`rsatkich may oyining o`zida 37 tani tashkil etdi.
Ana shu muvaffaqiyatlar o`tgan oy Rossiyaning Sochi shahrida o`tkazilgan xalqaro konferentsiyada ham etirof etildi.
Markaz jamoasi kelgusida bunday operatsiyalar sonini oyiga 100 tagacha etkazish, shuningdek, viloyatlardagi filialarida ham joriy etishni rejalashtirgan.