Ro`ziqul OChILOV,
O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar unitersiteti 4 bosqich talabasi
Annotatsiya: Mazkur maqolada internet jurnalistikasida kuzatilayotgan o`zgarishlar, jurnalistlar oldida turgan muhim masalalar hamda internet jurnalistikasining ustunliklari, axborotlar orqali insonlarga ta'sir o`tkazilayotgani tadqiq etilgan.
Tayanch so`zlar: axborotlashgan jamiyat, mediata'lim, media madaniyat, axborot savodxonligi.
Butun dunyoda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining (AKT) rivojlanishi jahon hamjamiyati hayotining muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Ularning keng tarqalishi zamonaviy voqelikni o`zgartirmoqda, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda sezilarli o`zgarishlarga — “axborotlashgan jamiyat” shakllanishiga olib kelmoqda. AKT siyosiy kommunikatsiya xarakteriga, davlatning tavsifiga katta ta'sir ko`rsatib, davlat institutlari va fuqarolik jamiyati o`rtasida o`zaro munosabatlarni sezilarli darajada o`zgartirmoqda.
Mediasavodxonlik ommaviy axborot vositalari orqali uzatiladigan barcha axborotga tanqidiy qarash va har bir uzatilayotgan axborotni saralashda ongli ravishda xolis yondashish hamdir. Taniqli hind fotojurnalisti Pabak Sarkarning fikriga ko`ra, mediasavodxonlik sari tashlangan ilk qadam, bu to`g`ri savol bera olishdir. Bugungi kunda Internet orqali amalga oshirilayotgan axboriy xurujlar dunyodagi har bir mamlakat milliy xavfsizligi strategiyasining bir qismiga aylandi va u kiberxavfsizlik nomini oldi.
Zero, virtual va haqiqiy dunyoning qo`shilishi, aynan virtual dunyo orqali yoshlar tomonidan haqiqiy dunyoni noto`g`ri tushunilishi, turli xil salbiy kuchlar va oqimlar tomonidan bir qarashda ijobiy ko`ringan, ammo mohiyatan inson ongiga salbiy ta'sir qiluvchi axborotning tarqatilishi ko`payib borayotganligi hech kimga sir emas.
Aynan jamiyat hayotiga ta'sir etuvchi mazkur salbiy jihatlarning oldini olishda aholini mediasavodli qilish zarur, degan fikrlar ko`paymoqda. Bugungi kunda mediasavodxonlik Buyuk Britaniya va Avstraliyada gumanitar fanlar majmuasida alohida fan sifatida o`tilsa, Finlyandiyada 1970 yildan o`rta maktablarning, 1977 yildan esa oliy o`quv yurtlarining o`quv dasturlariga kiritilgan edi.
1990 yillarda esa mamlakatda mediasavodxonlik mediata'lim tushunchasi bilan almashtirildi. Shvetsiyada u 1980 yildan boshlab ta'lim muassasalarida alohida fan sifatida o`qitila boshlangan. 1990 yillarda Rossiyada mediata'limni ilmiy tadqiq etishga urinishlar bo`lib, O.Baranov, S.Penzin, A.Fyodorov, A.Sharikova va boshqalarning tadqiqotlari bunga misol bo`la oladi. 2002 yili pedagogika oliy ta'lim yurtlari uchun mediata'lim ixtisosligi bo`yicha yo`nalish ochildi. 2005 yili esa YuNYeSKO homiyligida “Mediata'lim” darsligi yaratildi va Rossiyada kinota'lim va mediapedagogika sayti ishga tushirildi.
Haqiqat shundaki, sifatsiz va yolg`on axborotlar insonlar ongini manipulyatsiya qilish, ta'sir o`tkazish xususiyatiga ega ekanligini inkor etib bo`lmaydi. Fuqarolarni OAVdagi zararli xabarlardan himoya qilishning eng samarali va barqaror usuli — barcha manfaatdor tomonlar, shu jumladan, mamlakatimiz fuqarolarning axborot savodxonligini rivojlantirish orqali o`zlarini himoya qilishlariga imkon berishdir.
Bugungi kunda odamlarning axborot olishga bo`lgan ehtiyoji tobora ortmoqda. Bu talabni qondirish borasida faoliyat yuritayotgan axborot tarqatish vositalari orasida internet barcha foydalanuvchilar uchun qulayligi, arzonligi, har qanday yangilikni ommaga etkazishda tezkorligi bilan etakchilik qilmoqda. O`z navbatida mamlakatimizda internet nashrlarga yaratilgan shart-sharoit va huquqiy me'yorlar soha rivojiga dasturilamal bo`layotir.
Kundan kunga internet foydalanuvchilarining ortib borishi, sohadagi mas'uliyatni oshirmoqda. O`zbekistonda internet tarmog`iga ulangan abonentlar soni 2021 yilning 1 yanvar' holatiga ko`ra, qariyb 20 milliontani tashkil etgan . Davlat statistika qo`mitasi ma'lumotlariga ko`ra, bu ko`rsatkich o`tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 21,9 foizga oshgan.
Hududlar orasida:
eng ko`p abonentlar soni Toshkent shahrida — 4 620,9 mingta;
eng kam abonentlar soni Sirdaryo viloyatida — 505,7 mingta.02:12
Bu boradagi ishlarning rivojiga sezilarli e'tibor qaratilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoev o`tgan yilning 9 avgust kuni bo`lib o`tgan O`zLiDePning H qurultoyida har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxda yuqori tezlikdagi internetga ulanishi, magistral avtomobil' yo`llari 100 foiz mobil aloqa va internet bilan qamrab olinishini ma'lum qildi. Shuningdek, xalqaro magistral internet tezligi — 5 barobarga, tumanlararo tarmoqlar tezligi — 8 barobarga oshirilishini aytdi.
Internet nashrlarining boshqa OAVlardan bir qator ustunliklari mavjud. Ya'ni internet axborot vositalari — bosma matbuot, radio va televideniyening ustuvor jihatlarini o`zida jamlagan ulkan axborot resursiga aylanib ulgurdi. Sababi internet nashrlari voqea to`g`risidagi axborotni yangilash borasida cheklanmagan imkoniyatga, matn uchun keng maydonga ega. Shu bilan birga, ovoz, grafika va video xabarlarni uzatish imkoniyati ushbu OAVning kuchi va ta'sir doirasini kengaytirmoqda.