Amaldagi tartibga ko`ra, attestatsiya ikki bosqichda: umumiy 100 ballik tizimda baholanadi va ikki bosqich natijasi qo`shilib qaror chiqariladi.
2024-yil 1-yanvardan boshlab esa pedagog kadrlarga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy etildi. Unga ko`ra, attestatsiya ikki bosqichda o`tkaziladi hamda birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti bo`yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanadi.
Yangi tartibdagi o`tkaziladigan attestatsiyada ham ikki bosqich (80+20=100 ball) natijasi qo`shilib quyidagi tartibda qaror chiqariladi:
Oliy malaka toifali yoki bosh o`qituvchi lavozimidagi pedagog kadr:
- 80 ball va undan yuqori ko`rsatkichga ega bo`lsa - «Attestatsiyadan o`tdi, oliy malaka toifasi (bosh o`qituvchi lavozimi) saqlansin»;
- 80 balldan past ko`rsatkichga ega bo`lsa - «Attestatsiyadan o`tmadi, birinchi malaka toifasi (yetakchi o`qituvchi lavozimi) ga tushirilsin»;
Birinchi malaka toifali yoki yetakchi o`qituvchi lavozimidagi pedagog kadr:
- 80 ball va undan yuqori ko`rsatkichga ega bo`lsa - «Attestatsiyadan o`tdi, oliy malaka toifasi (bosh o`qituvchi lavozimi) berilsin»;
- 70 balldan 79 ballgacha ko`rsatkichga ega bo`lsa - «Attestatsiyadan o`tdi, birinchi malaka toifasi (yetakchi o`qituvchi lavozimi) saqlansin»;
- 70 balldan kam ko`rsatkichga ega bo`lsa - «Attestatsiyadan o`tmadi, ikkinchi malaka toifasi (katta o`qituvchi lavozimi) ga tushirilsin»;
Ikkinchi malaka toifali yoki katta o`qituvchi lavozimidagi pedagog kadr:
- 70 ball va undan yuqori ko`rsatkichga ega bo`lsa - «Attestatsiyadan o`tdi, birinchi malaka toifasi (yetakchi o`qituvchi lavozimi) berilsin»;
- 60 balldan 69 ballgacha ko`rsatkichga ega bo`lsa - «Attestatsiyadan o`tdi, ikkinchi malaka toifasi (katta o`qituvchi lavozimi) saqlansin»;
- 60 balldan kam ko`rsatkichga ega bo`lsa - «Attestatsiyadan o`tmadi, mutaxassis (oliy ma'lumotli o`qituvchi) lavozimiga tushirilsin»;
Mutaxassis yoki oliy ma'lumotli o`qituvchi lavozimidagi pedagog kadr:
- 60 ball va undan yuqori ko`rsatkichga ega bo`lsa - «Attestatsiyadan o`tdi, ikkinchi malaka toifasi (katta o`qituvchi lavozimi) berilsin»;
- 55 balldan 59 ballgacha ko`rsatkichga ega bo`lsa - «Attestatsiyadan o`tdi, mutaxassis (oliy ma'lumotli o`qituvchi) lavozimi saqlansin»;
- 55 balldan kam ko`rsatkichga ega bo`lsa - “Attestatsiyadan o`tmadi, mutaxassis (oliy ma'lumotli o`qituvchi) lavozimiga muvofiq emas.
Eslatma: Navbatdan tashqari attestatsiyalarda natijasidan qat'i nazar toifa tushirilmaydi.