Joriy yilda ham maktab o`quvchilariga yod preparatlarini bepul tarqatish davom ettiriladi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan bugun, 28 avgust kuni maktablarda ta'lim sifatini yanada oshirish, o`quvchi o`rnini ko`paytirish hamda o`qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish bo`yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o`tkazilayotgan videoselektor yig`ilishida aytildi.
Yig`ilishda aytilishicha, bundan uch yil oldin 15 yoshgacha bo`lgan bolalarga yod, vitaminlar va gijjaga qarshi dorilar tarqatish amaliyoti joriy qilingan. Natijada bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishiga ta'sir ko`rsatadigan qalqonsimon bezi kasalliklari kamaya boshlagan.
Mas'ullarga sentyabr' oyidan bu ishlarni tizimli tashkil qilib, ota-onalar va o`quvchilar orasida yod iste'molining foydali xususiyatlarini keng targ`ib qilish topshirilgan.
Ma'lumot uchun, 2021 yildan bolalar uchun ovqatni boyitadigan qo`shimchalar, vitamin A va gijjaga qarshi anti-gel'-mint preparatlarni bepul berish yo`lga qo`yildi. Ushbu ishlarni davom ettirgan holda, 2022 yil 1 iyuldan boshlab, 3-15 yoshli bolalarga yod preparatlari davlat tomonidan bepul tarqatilmoqda.
Dilmurod TILOVOV tayyorladi