5 oktyabr. Bugun bor bo‘la boshladim. Buni hali ota-onam bilmaydilar. Bir olma urug‘idan ham kichikroqman. Ammo nima bo‘lganda ham, men borman.
19 oktyabr. Biroz o‘sgan bo‘lsam ham, biron harakat qiladigan ahvolda emasman. Onam o‘z qoni bilan meni boqmoqda. Qalbining shundoqqina tagiga joylashib olganman. Qizig‘i shundaki, borligimdan onam hali ham bexabar!
23 oktyabr. Og‘zim shakllana boshladi. O‘zingiz o‘ylang, bir yildan so‘ng maza qilib kula oladigan bo‘laman! Tilga kiraman. Eng avval «Nana» so‘zidan boshlayman. Endi kim meni yo‘qdeya olardi?! Nonning ushog‘i ham non-da, to‘g‘rimi? Sizga bir sirni ochay, men qiz bolaman. Gullarni yaxshi ko‘radigan bo‘laman!..
27 oktyabr. Bugun qalbim ura boshladi. Bundan keyin hayotimning oxirigacha dukillab turadi. Uni zavqu shavqqa to‘ldiraman hali. Mana eshiting: Duk, duk, duk!
2 noyabr. Har soatda zig‘irday o‘saman. Qo‘llarim, oyoqlarim bichimga keldi. Ammo bu qo‘loyoqchalarim bilan hali beri onamga qarab yugura olmayman, dadajonimning bo‘ynidan qucholmayman!..
12 noyabr. Barmoq chiqara boshladim. Voy-bo‘y, muncha kichik bo‘lmasa! Hali ular bilan soch tarayman, gullar teraman!..
20 noyabr. Bugun onam do‘xtirga bordi. Bor ekanligimni bildi. Rosa sevingan bo‘lsangiz kerak-a, onajon?! Yaqinda qo‘llaringizga olasiz meni, erkalatasiz!
25 noyabr. Ota-onam qiz ekanligimni haliyam bilishmaydi. Balki o‘g‘il yoki egizak kutishayotgandir. Ularga «syurpriz» bo‘laman. Qani endi, onajonimdek qora soch, charos ko‘zli bo‘lsam!
13 dekabr. Endi atrofga bemalol qarayapman. Faqat qop-qorong‘i joydaman... Baribir baxtiyorman! Oz qoldi ko‘zlarim dunyo yuzini ko‘rishiga.
24 dekabr. Onajonimning qalb urishini eshityapman. Mening qalbimni ham his qilyapsizmi, onajon? Juda sog‘lom qizcha bo‘laman. Tezroq dunyoga kelmoqni, bag‘ringizda maza qilib uxlamoqni istayman. Siz ham mening tezroq tug‘ilishimni istayapsizmi, onajon? Yuzchalarimdan cho‘lpillatib o‘pasizmi? Meni yaxshi ko‘rasizmi?..
28 dekabr. Onajonim do‘xtirga keldilar... Voy, nimalar deyapsiz, onajon, rizqni Alloh beradi-ku! Bu yog‘idan xavotirlanmang!
29 dekabr. Eh, onajonim! Nega tug‘ilishimni istamayapsiz! Nega jajji qo‘lchalarim bilan yuzlaringizni silashimni, sizga erkalanishimni xohlamayapsiz? Afsus...
Oh, badanim og‘riyapti! Qattiq og‘riyapti! Meni qutqaring, onajon!.. Ona… jon..