x

Insonning ulug`ligi o`zini o`zi iroda va tarbiya qilish kuchiga ega bo`lish bilan bilinadi. Buni tushunish uchun Iso alayhissalomdan bir rivoyatni eslaymiz: Iso alayhissalomdan so`radilar: Sizni kim tarbiya qildi? Javob berdilarki, «Meni hech kim tarbiya qilmadi, johilning jaholati, axloqsizning axloqsizligini qusur va ayb sifatida ko`rdim. Jaholat va axloqsizlikdan qochdim».

 

Ya'nikim, kishilar har daqiqa, har soat, har kun bu sohada o`zini o`zi tarbiya qilib bormog`i talab etiladi. Deylik, bir kun tarbiya etmadimi, yaxshi fazilatni bir kun unutdimi – izdan chiqib ketishi hech gap emas. Fazilatning o`rni uzoq vaqt bo`sh turmaydi, u bizni tark etdimi, darhol o`rnini illat, yomon xulq egallaydi.

 

Ba'zan kishi yaxshi xulqqa ega bo`lishni istaydi, ammo buning uddasidan chiqish yolg`iz o`ziga bog`liq emas. Yomonlar bilan hamsuhbatlik masalasi bu fikrga misol bo`la oladi. Bir kishining zulmkorligini yoki razilligini bilasiz, lekin undan nari turishning iloji bo`lmay qoladi.

 

O`zgaga tarbiya berishdan ko`ra o`zini tarbiya etmoq yuz chandon og`irroqdir. O`zgaga tarbiya berish uchun bilimga yoki hayot tajribasiga tayanib, toqatingiz etguncha nasihat qilasiz. Tarbiyalanuvchi nasihatlaringizni quloqqa olmasa, qo`l siltab qo`ya qolasiz

 

Bosh aql va ilmga to`lib toshib yotsa ham, axloqni sira unutmaslik kerak: inson o`zidagi ma'naviy jihatlarni vijdon va nafsni tarbiyalashi, ehtirosini boshqara olishi, xunuk odatlarini tark etishi, ilmiy yutuqlarini insoniyat foydasiga yo`naltirishi kerak. Yo`qsa u to`g`ri yo`ldan ozishi mumkin. Ya'ni vatan va xalqni mudofaa qilishga mas'ul harbiy odamning tarbiyasi durust bo`lmasa, Vataniga xiyonat qilishdan ham qaytmas. Bemorlarni halol va xolis ravishda davolashga qasam ichgan shifokor ham qasamini buzar. Hatto poraxo`r va sudxo`r mol dunyo evaziga yurtni boshqalar qo`liga mustamlaka qilib berishdan ham tap tortmas.

 

Og`zaki nasihatni bir kunda ko`p martalab eshitamiz. Avvalo nasihatning ta'siri nasixatgo`yning aqliga, bilimiga bog`liq. Shuningdek, qanday vaziyatda nasihat qilish ham muhim. Mast odamga «ichma» deb nasihat qilish – shamolga qarab qichqirish kabidir. G`azabga minib birovni so`kayotgan odamning qulog`iga ham so`kishning gunoh ekani haqidagi gaplar kirmaydi. Nasihatgo`y tarbiyasidagi odamning yoshi, aql darajasini, ayni damdagi ruhiy holatini ham hisobga olish shart . Aynan bir mavzu, masalan, so`kish haqida o`n yoshli va yigirma yoshli bolaga bir xilda, bir uslubda gapirilmaydi.

 

Tarbiya jarayonida donolarning «yoshlik – beparvolik, yigitlik – bir musobaqa, qarilik esa taasufdir», degan ta'kidlarini unutmasak durust bo`ladi. Nasihat deganda biz kattaning yoshga o`gitini tushunadigan bo`lib qolganmiz. Keksaroq odamga nasihat qilish bizga g`alati tuyuladi. Holbuki, tarbiya keksalar uchun ham zarur. Tarbiya ma'lum yoshga etgach to`xtamaydi. Barchamiz yaxshi biladigan «Beshikdan qabrga qadar ilm izla» deyilguvchi  hadisi sharif  bizlarni  shunga da'vat etadi. Zero, ilm  olish ham tarbiyaning muhim asosidir.

To Top ↑
To Top ↑