x

Endi bizlarni bir masala ko`p o`ylantiradi: Tarbiyachi kim? Ota-onasimi yoki maktab mulallimlarimi?.. Bola «sen tarbiyalashing kerak» deb u yoqdan bu yoqqa oshiriladigan koptok emas. Farzand tarbiyasiga ota-ona mas'ul, maktab esa bu sohada ko`makchi. Ha aynan shunday. Chunki farzandingiz oilada olgan tarbiyasiga qarab ota-onasiga rohat va jazo keltirishini hamma biladi. Otaning ish-amali farzandiga singsa, uning xulqida jilvagar bo`ladi. Bolani tergab nazorat qilish, ota-ona yuzining yorug` bo`lishii ta'minlaydi. Tarbiyadan tashqaridagi bola bebosh va yaramaslik sari og`adi. Erka bo`lib o`sgan o`g`il-qizlarning xatti-harakati ota-onaga mung va alam keltiradi. Shu bois ham Abdulla Avloniy ta'kidlaganidek «Tarbiya bizlar uchun yo hayot yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat – yo falokat maslasidir», deyilmish fikrini barchamiz birdek shior sifatida qabul qilmog`imiz lozim bo`ladi. 

 

Afsuslarkim, ko`pchiligimizning ko`ngillarimiz ko`chaga bog`langan. Ishga, ulfatga bo`lgan muhabbat oilaga bo`lgan muhabbatdan ortiq. Choyxonalarda, restoranlarda, turli ziyofatlarda yayrashga umrimizning hisobsiz soatlarini behuda sarflaymiz. Bola tarbiyasida esa vaqtni qizg`onamiz. Sariq chaqaga arzimas matohlarimiz farzandlarimizga nisbatan qiymatliroqdir. 

 

Piyolani sindirib qo`ysa, ayamay uramiz, guldonni sindirsa do`pposlaymiz, agar aka ukasini ursa yana jazolaymiz. Holbuki, kattaning kichik, kuchlining kuchsiz ustidan hokim ekanini o`zimizning aynan shu harakatimiz bilan o`rgatyapmiz: gapga kirmagan kichikni yoki kuchsizni urish mumkin!

 

Bola sho`xlik qilsa «hali qarab tur, dadangga aytaman», deb qo`rqitamiz. Ota kelganda bola yomonlanadi. Ayni shu holatda ota-bola o`rtasiga dushmanlik urug`i sochilganini fahm etmaymiz. Otani jazolovchi inson sifatida ko`rsatmay, ota kelganda uni izzat-hurmat bilan kutib olishni o`rgatish afzalroqmasmikin?

 

Bugun bola tarbiyasi deganda biz yaxshi kiyintirishni tushunyapmiz, katta pul sarflab o`qishga kiritishni anglayapmiz. Agar avtomashinamiz buzilib qolsa, ustaxonada bir kun yoki bir hafta o`tirishimiz mumkin, ammo farzandimiz bilan bir soat yonma-yon o`tirib dars tayyorlashga toqatimiz etmaydi.

 

Go`zla xulq va tarbiyali onaning xislatlari, yaxshi fe'l-atvori farzandlarida ham namoyon bo`ladi. Ular ham onalarining go`zal xislatlariga ega bo`ladilar. Tabobat fani onadagi turli ichki hastaliklar bolada ham bo`lishini isbotladi. Irtsiyat fani onadagi ichki hastaliklar bilan birga undagi ruhiy, ma'naviy jihatlarining ham bolada takrorlanishini isbotlagan. Bu tarbiyani bola tug`ilmasidan oldin, hatto oila qurmasdan oldin boshlash kerak degani emasmi?

 

Birga o`ylaylik: tarbiyasiz odam jonsiz jasad kabi emasmi? Davraga qo`shiluvchi har bir odam avval o`zining tashqi ko`rinishi, qiyofasiga qarab qabul qilinadi. Keyin esa tarbiyasi va fazilatiga qarab taqdirlanadi. Kishidagi fazilat go`yo farzand kabidir, uni avaylab saqlash yanada barkamol etish lozim. Har bir odam, avvalroq aytib o`tganimizdek, o`zini o`zi tarbiya qilishga o`rganishi kerak.

Adem Guneshning «Bola tarbiyasida to`g`ri ko`ringan xatolar» kitobidan

 

To Top ↑
To Top ↑